Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, alifbodagi o‘, g‘, sh va ch harflarining shakli ö, ğ, ş, ç ga o‘zgartirildi. Qonun rasman e’lon qilinganidan 6 oy o‘tib kuchga kiradi.

“Uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi”, — dedi Saida Mirziyoyeva. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlar yozuvdagi noqulayliklarni bartaraf etish va o‘zbek tilining raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash uchun zarur.

Uning aytishicha, alifbo o‘zgarishi sababli barcha hujjatlarni yangidan tayyorlash talab etilmaydi.

“Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yo‘q, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yo‘lini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi”, — dedi u.

Prezident Administratsiyasi rahbari qonunning 21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunda qabul qilinishida ramziy ma’no borligini qayd etib, o‘zbek alifbosini takomillashtirish yoshlar savodxonligi va til mavqeini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u barchani O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi.

Ushbu qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan iyul oyida qabul qilinib, Senat tomonidan sentabr oyida ma’qullangan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega SI loyihalariga imtiyozli ravishda tokenlar ajratilishi haqida yozgan edi.