Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida"gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi qonunga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi alifboga o‘tishda fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlari inobatga olinadi.

Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmaydi.

Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Senatorlar fikricha, qonun o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish hamda tilni raqamlashtirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni maʼqulladi.

Iyul oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi uch o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi.

Yangi alifboda nima o‘zgaradi?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov mutaxassislar ushbu muammolarni bartaraf etishning eng maqbul yo‘li sifatida milliy alifboning “bir tovush — bir harf” tamoyiliga tayanishni taklif qilganini aytgan edi.

Shundan kelib chiqib:

  • g‘ harfi — Ğ ğ;
  • o‘ harfi — Ö ö;
  • sh harfi — Ş ş;
  • ch harfi — Ç ç ko‘rinishida ifodalanishi taklif etilmoqda.

Bahrom Abduhalimov bu alifboni tubdan almashtirish emas, balki mavjud alifbodagi to‘rtta muammoli harfni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ekanini alohida ta’kidladi.

Natijada takomillashtirilgan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. “U qardosh xalqlar tajribasi hamda umumturkiy alifbo tamoyillariga mos keladi”, — dedi u.

Taklif etilayotgan Ş, Ç, Ğ va Ö harflari turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, nemis, shved, fin va venger tillarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu belgilarni qariyb 300 mln kishi ishlatadi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda markirovkalash qoidalarini buzgan tadbirkorlarga jarimalar yengillashtirilishi haqida yozgandi.