Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
Hujjat bilan joriy yilning noyabr oyigacha markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini yengillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihaga ko‘ra, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar uchun majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik bo‘yicha qo‘llanadigan jarimalar qat’iy miqdorda belgilanadi.
Shuningdek, markirovkalash qoidalari buzilgani aniqlanganda birinchi marta ogohlantirish berish tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Topshiriq ijrosi uchun bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mas’ul etib belgilangan.
Amalda Soliq kodeksining 2271-moddasiga ko‘ra, majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun oxirgi hisobot choragidagi sof tushumning 2% miqdorida jarima qo‘llanadi. Agar xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, jarima 20% ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, prezident farmonida mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun ham markirovkalash bilan bog‘liq alohida tartib nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, bunday tadbirkorlar suv va salqin ichimliklar, pivo hamda tamaki mahsulotlarini xarid qilganda, ularning raqamli markirovka kodlari korxona tomonidan yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.
Ichimliklarni markirovkalash
Joriy yilning 1-aprelidan ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya joriy etildi. Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) Gazeta.uz'ga bergan izohida ushbu modelda “qator texnik va iqtisodiy ziddiyatlar borligi"ni, bu esa ishlab chiqarish hamda savdo hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Biznes vakillariga ko‘ra, tizim real distribyutsiya modelini inobatga olmaydi: yetkazib berishlar minglab kichik savdo nuqtalari orqali amalga oshiriladi, ko‘pincha qisman qaytarishlar va aralash partiyalar mavjud bo‘ladi. Bunday sharoitda kodlarni aniq yetkazib berishlarga qat’iy bog‘lash hatto qonuniy mahsulotlar savdosini ham bloklab qo‘yishi mumkin.
Kompaniya ta’kidlashicha, kichik do‘konlar va distribyutorlar hozircha smartfon orqali markirovkaning haqiqiy mahsulotga mosligini tekshirish imkonini beradigan vositalarga ega emas. Bu esa tovarni qabul qilish jarayonida xatolar xavfini oshiradi va savdo nuqtalari uchun qulay mobil ilova ishlab chiqishni talab qiladi.
UzBev tizimni joriy etishda o‘tish davrini belgilash, jarimalarni yumshatish hamda jarayonni avvalo yirik riteyllardan boshlashni taklif qilmoqda. Bu bozorga ortiqcha bosim tushishini va yashirin savdo hajmi oshishini oldini olishga yordam berishi mumkin.
Asl Belgisi ushbu bildirilgan xatarlar yuzasidan UzBev’ning murojaatiga javob berib, iqtisodiyot shaffofligi tamoyillarini birgalikda himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilishga chaqirdi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Biznes-ombudsmanning o‘sha vaqtdagi o‘rinbosari Jamshid O‘runov Soliq kodeksining 2271-moddasi bo‘yicha jarimalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Uning aytishicha, agar 50 ta do‘konga ega brendning bir sotuvchisi fiskal chek bermasa, jarima butun tarmoqning choraklik sof tushumining 2% ini, takroriy qoidabuzarlikda esa 20% ini tashkil etadi. Jarima qo‘llanganda kompaniya 100% ehtimol bilan bankrot bo‘ladi va bu vaziyatdan chiqa olmaydi, dedi u.
Soliq organlari qadoqlangan suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiya joriy etilishi fonida biznesga nisbatan jarima qo‘llanmasligini va’da qilgan. Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzoqov biznesning agregatsiyani kechiktirish haqidagi so‘roviga javoban, muddat allaqachon ikki marta — jami ikki yilga surilganini ta’kidladi.
“Biz 1-apreldan hech qanday chora ko‘rmaymiz, deyapmiz. Hech qanday [jazo] chorasini qo‘llamaymiz, lekin boshlab olaylik”, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev esa xorijiy kompaniyalar bunday og‘zaki kelishuvlarga ishonmasligini bildirib, istalgan vaqtda sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligidan xavotir borligini qayd etdi. Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Kasimov jinoyatlarni yashirish uchun javobgarlik mavjudligini eslatib, biznes bilan ochiq ishlashga chaqirdi.
May oyi boshida biznes-ombudsman Abdumannop Buriyev markirovka qoidabuzarliklari uchun sof tushumning 2%i va 20%i miqdoridagi jarimalar o‘rniga qat’iy belgilangan summa joriy etish va jazoni faqat tegishli faoliyatga qo‘llash takliflari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Prezident tanishgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlar masalalarini hal etish yuzasidan taqdimotdan keyin esa O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiyani joriy etish yana kechiktirilishi bildirildi.