Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarning muammoli masalalarini hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiyani joriy etish yana kechiktiriladi. Bu haqda Biznes-ombudsman Abdumannop Buriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

U davlat rahbari ikki hafta oldin tadbirkorlarning kayfiyatiga ta’sir qilayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha topshiriq berganini, shundan kelib chiqib, 15 ta tizimli masala taqdimot qilinganini qayd etdi. Muhim masalalardan biri, joriy yilning 1-aprelidan boshlab ishga tushirilgan ichimliklarni markirovkalash masalasi bo‘ldi.

“Ayniqsa suv ishlab chiqaruvchi korxonalarga bu [tizim] ta’sir o‘tkazyapti. Korxonalar tahlili bozorning 90% ini egallagan 10 ta yirik ishlab chiqaruvchidan 5 tasi hali tayyor emasligini ko‘rsatdi. Buni prezidentga aytganimizda, yana bir bor [tizimni ishga tushirish muddatini] cho‘zish bo‘yicha taklif berdilar, 'tadbirkorlarimiz shu narsaga tayyor bo‘lgunlariga qadar cho‘zamiz', degan masalani qo‘ydilar”, — dedi biznes vakili.

Suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiyani joriy etish muddati shu vaqtga qadar ikki marotaba kechiktirilgan. Dastlab u alyumin idishlardagi mahsulotlar uchun 2024-yilning 1-mayidan, boshqa turdagi idishlar uchun esa 1-noyabrdan boshlanishi kerak edi. 2025-yil may oyida tizimni joriy etish muddati 2026-yil aprelga ko‘chirildi.

Soliq qo‘mitasining Soliq solish metodologiyasi departamenti direktori Aziz Umirzaqov yig‘ilishda raqamli markirovkalash borasida ikkita masala muhokama qilinganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tovarning ishlab chiqaruvchidan ulgurji sotuvchi, undan keyin yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakatini kuzatish imkonini beruvchi tizim yetarli darajada yuqori texnologik ekanligidan kelib chiqib, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun bunday vositalarni samarali joriy etish muddatini kechiktirishga qaror qilindi.

“Ko‘plab tadbirkorlarni markirovka bo‘yicha tashvishga solgan ikkinchi masala, albatta, ularga qo‘llaniladigan jarimalar miqdoridir. Prezident uni kamaytirish tashabbusini ilgari surdi, ya’ni ishlab chiqaruvchilar, ulgurji sotuvchilar hamda import qiluvchilar uchun sanksiyalar kamaytiriladi, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun esa jarimalar daromad summasidan kelib chiqib emas, balki qat’iy belgilangan summada bo‘ladi”, — deya xulosa qildi Soliq qo‘mitasi departamenti direktori.

Ichimliklarni markirovkalash

Joriy yilning 1-aprelidan ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya joriy etildi. Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) Gazeta.uz'ga bergan izohida ushbu modelda “qator texnik va iqtisodiy ziddiyatlar borligi"ni, bu esa ishlab chiqarish hamda savdo hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

Biznes vakillariga ko‘ra, tizim real distribyutsiya modelini inobatga olmaydi: yetkazib berishlar minglab kichik savdo nuqtalari orqali amalga oshiriladi, ko‘pincha qisman qaytarishlar va aralash partiyalar mavjud bo‘ladi. Bunday sharoitda kodlarni aniq yetkazib berishlarga qat’iy bog‘lash hatto qonuniy mahsulotlar savdosini ham bloklab qo‘yishi mumkin.

Kompaniya ta’kidlashicha, kichik do‘konlar va distribyutorlar hozircha smartfon orqali markirovkaning haqiqiy mahsulotga mosligini tekshirish imkonini beradigan vositalarga ega emas. Bu esa tovarni qabul qilish jarayonida xatolar xavfini oshiradi va savdo nuqtalari uchun qulay mobil ilova ishlab chiqishni talab qiladi.

UzBev tizimni joriy etishda o‘tish davrini belgilash, jarimalarni yumshatish hamda jarayonni avvalo yirik riteyllardan boshlashni taklif qilmoqda. Bu bozorga ortiqcha bosim tushishini va yashirin savdo hajmi oshishini oldini olishga yordam berishi mumkin.

Asl Belgisi ushbu bildirilgan xatarlar yuzasidan UzBev’ning murojaatiga javob berib, iqtisodiyot shaffofligi tamoyillarini birgalikda himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilishga chaqirdi.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha jarimalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Uning aytishicha, agar 50 ta do‘konga ega brendning bir sotuvchisi fiskal chek bermasa, jarima butun tarmoqning choraklik sof tushumining 2% ini, takroriy qoidabuzarlikda esa 20% ini tashkil etadi. Jarima qo‘llanganda kompaniya 100% ehtimol bilan bankrot bo‘ladi va bu vaziyatdan chiqa olmaydi, dedi u.

Soliq organlari qadoqlangan suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiya joriy etilishi fonida biznesga nisbatan jarima qo‘llanmasligini va’da qilgan. Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzoqov biznesning agregatsiyani kechiktirish haqidagi so‘roviga javoban, muddat allaqachon ikki marta — jami ikki yilga surilganini ta’kidladi.

“Biz 1-apreldan hech qanday chora ko‘rmaymiz, deyapmiz. Hech qanday [jazo] chorasini qo‘llamaymiz, lekin boshlab olaylik”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev esa xorijiy kompaniyalar bunday og‘zaki kelishuvlarga ishonmasligini bildirib, istalgan vaqtda sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligidan xavotir borligini qayd etdi. Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Kasimov jinoyatlarni yashirish uchun javobgarlik mavjudligini eslatib, biznes bilan ochiq ishlashga chaqirdi.

Avvalroq Spot Biznes-ombudsman markirovka qoidabuzarliklari uchun jarimani qat’iy summada belgilashni taklif qilgani haqida yozgan edi.