Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish 25% dan oshdi. 2030-yilgacha charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trln so‘mga, eksportni $500 mlnga yetkazish, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.
Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi.
Mamlakatdagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70%i eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emasligi qayd etildi.
Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.
Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qo‘shni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘maklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablag‘ bilan taʼminlash taklif etildi.




Mayda shoxli mol terilarini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yig‘ish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini rag‘batlantirish choralari ko‘rib chiqildi.
Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga mo‘ljallanadi.
Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qo‘shilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish o‘rinlari ko‘payadi.
Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda sunʼiy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur yo‘nalishda 7 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 mln pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.
Davlat rahbari sohaga berilgan imtiyozlar o‘z-o‘zidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor bo‘yicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, quvvatlardan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot quvvati to‘liq ishlamayotgan korxonalar bo‘yicha respublika shtabi tashkil etilishi haqida yozgandi.



