Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Bunday holatlar asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Ushbu toifadagi korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan omillar orasida aylanma mablag‘ yetishmovchiligi, kommunal infratuzilma bilan bog‘liq masalalar, loyihalarning kechikishi, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar ko‘rsatib o‘tildi.

Bu muammolarni hal qilish orqali korxonalarda ishlab chiqarishni tiklash va mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha 65,6 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati borligi aniqlandi.

Shu bois, har bir korxona holatini alohida o‘rganib, ularni to‘liq quvvatga olib chiqish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Buning uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi.

Shtab vakillari joylarga chiqib, ikki hafta muddatda korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi va ularni joyida hal etish choralarini ko‘radi.

Faoliyatini tiklash imkoniyati mavjud korxonalarga zarur kredit mablag‘larini ajratish, aylanma mablag‘ bilan taʼminlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal etish bo‘yicha banklar va masʼul idoralar birgalikda ishlaydi.

Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda banklar balansida qiymati 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish bo‘yicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

2021−2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari o‘z faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga har bir loyihani o‘rganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirishni taʼminlash topshirildi.

Spot, avvalroq, fuqarolarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun komissiya undirilmasligi haqida yozgandi.