Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Xususan, tadbirkorlarning peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim maʼmuriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha maʼmuriy yuk bo‘lishi bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi.

Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi.

Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.

O‘zi nima gap?

O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab Toshkentda biznes obyektlarining peshlavhalari demontaj qilinmoqda. Poytaxt hokimiyati tushuntirishicha, hajmi 1 kv. metrdan ortiq bo‘lgan peshlavhalar, hatto ularda faqat kompaniya yoki brend nomi ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, reklama hisoblanadi. Hokimiyat bunga asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil sentyabrdagi qarori 10-bandiga tayanadi.

“Yonma-yon joylashgan kompaniyalar o‘zaro raqobatlashib, peshlavhalarini qo‘shnilarnikidan kattaroq qilishga intilishadi. Oqibatda bu qonunchilik buzilishlariga olib keladi”, — deya ta’kidlagan edi ma’muriyat.

Reydlar natijasida bir qancha ko‘chalardagi qator do‘konlar, kafelar va restoranlar peshlavhalaridan ayrildi. Ayrim kompaniyalar yarim yildan ortiq vaqt davomida peshlavhasiz ishlamoqda. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat belgilangan talablarga javob bermaydigan eski konstruksiyalarni demontaj qilishni talab qilmoqda. Biroq yangi peshlavhalarni qanday tartibda va qaysi qoidalar asosida o‘rnatish mumkinligi haqida biznesga aniq ma’lumot berilmayapti.

Bunday reklamani qonuniy rasmiylashtirish uchun reklama joyi pasportiga ega bo‘lish kerak. Uni YIDXP portali orqali rasmiylashtirish mumkin. Bunda tadbirkorlar pasport olish tartibi amalda ishlamayotganini — topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmay qolayotganini ta’kidlashmoqda.

Tekshiruvlar, shuningdek, Toshkentning dizayn-kodi joriy etilishiga tayyorgarlik bilan bog‘liq. Biroq reydlar o‘tkazilgan vaqtda dizayn-kod hali kuchga kirmagan edi va u faqat 2026-yil 17-maydan e’tiboran amal qila boshlaydi.

“Og‘zaki ogohlantirishlar bo‘lgan. Hozir bularning barchasi qo‘shimcha tarzda ishlab chiqilmoqda, ekspertizadan o‘tmoqda va yaqinda kuchga kiradi. Ishlarni natijani tezroq ko‘rsatish va qisqa vaqt ichida hammasini tartibga keltirish uchun oldindan boshladik”, — deya qayd etdi Toshkent shahar bosh arxitektori Yodgor Ikramov.