O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) birlamchi ommaviy taklifiga (IPO) buyurtmalar kitobi uch baravardan ko‘proqqa oshib ketdi. Bu haqda Spot‘ga manba anonim qolish sharti bilan xabar berdi.
Tahririyat UzNIF‘ning ishonchli boshqaruvchisi bo‘lgan Franklin Templeton kompaniyasiga izoh so‘rab murojaat qildi, biroq kompaniya aksiyalarni joylashtirish jarayoni tafsilotlarini oshkor etishni rad etdi.
Kelishuvdan xabardor yana bir manbaning ta‘kidlashicha, arizalar haddan tashqari ko‘p bo‘lgan taqdirda, taqsimotda 200 mln so‘mgacha ariza topshirgan chakana investorlarga ustunlik beriladi.
29-aprel kuni UzNIF hajmi $1,95 mlrdgacha bo‘lgan IPO boshlanganini e‘lon qildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi fond aksiyalarining taxminan 30% ini Toshkent va London fond birjalarida joylashtirishni rejalashtirmoqda. Joylashtirish narxi GDR uchun $25 ni (bitta depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng) va har bir aksiya uchun 4,65 so‘mni tashkil etadi.
Arizalarni qabul qilish bugun boshlandi va taxminan 12-maygacha davom etadi, savdolar esa 18-mayda boshlanishi kutilmoqda. 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalar uchun 5% chegirma oladigan chakana investorlar mahalliy brokerlar yoki Jett ilovasi (chegara — 200 mln so‘mgacha) orqali ishtirok etishi mumkin.
Ayni shu kuni Bloomberg butun joylashtiruv hajmi ortig‘i bilan qoplanganini xabar qildi. Bungacha BlackRock, Franklin Resources va Redwheel $300 mlnlik xarid majburiyatini olgani ma‘lum bo‘lgandi.
2025-yil dekabr oyi oxirida Templeton Global Investments‘ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan Spot‘ga bergan intervyusida UzNIF portfelidagi o‘zgarishlar, portfel kompaniyalarining transformatsiyasi, O‘zsanoatqurilishbank‘ning portfelga kiritilishi, shuningdek, qo‘shaloq listingli IPO rejalari haqida so‘zlab bergandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston OTB bilan $12,5 mlrdlik yangi hamkorlik dasturini imzolagani haqida yozgandi.