Abbos Samandarov 2002-yilda Toshkent viloyati, Bekobod shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Bekobod shahridagi 9-sonli maktabda olgan, o‘rta ta’limni esa Toshkent shahridagi Profi School xususiy maktabida tamomlagan.

Oliy ma’lumotni 2024-yilda Toshkent shahridagi xalqaro Amity universitetining axborot texnologiyalari fakultetini tamomlagan. Hozirda Vengriyaning Pech (Pécs) universiteti axborot texnologiyalari va muhandislik fakultetida kompyuter ilmlari muhandisligi mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichining 2-kurs talabasi.

U Spot’ga Stipendium Hungaricum grantini qo‘lga kiritish sirlari hamda IT yo‘nalishidagi murakkab saralash bosqichlari haqida so‘zlab berdi.


Nima sabab Vengriya?

Rostini aytsam, Vengriya boshida rejalarimda yo‘q edi. Qo‘limda Yangi Zelandiya va Irlandiyaning dunyo reytingida TOP-250 talikka kiruvchi nufuzli universitetlaridan qabul xatlari bor edi.

Hatto Yangi Zelandiya oliygohi 40% lik grant ham taqdim etgandi. Biroq qolgan 60% kontrakt summasi va yashash xarajatlari yiliga $25 ming-$30 ming atrofiga to‘g‘ri kelgan.

O‘sha vaqtda ota-onam o‘qishim uchun hatto uyni sotishga ham tayyor edilar, lekin men bunga qat’iy qarshilik qildim. Oilamning uysiz qolishi evaziga bilim olishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Shu orada Germaniyaning DAAD dasturidan rad javobi kelishi va IELTS natijalarimning kechikishi ruhiyatimga biroz ta’sir qildi. Ammo aynan shu pallada, do‘stimning maslahati bilan topshirgan Stipendium Hungaricum granti natijalari chiqdi: men qabul qilingandim.

Tanlovimning asosiy sababi, to‘liq moliyaviy mustaqillik edi. Ma’lum yoshga yetgach, ota-onadan pul so‘rash kishiga noqulaylik tug‘dirarkan. Chet elda o‘qish uchun moliyaviy barqarorlik juda muhim, aks holda butun xayolingiz bilim olishga emas, yashab qolish uchun pul topishga sarflanadi. O‘sha paytda O‘zbekistonda Huawei kompaniyasida nufuzli ish joyiga ega edim. Lekin men atayin qiyinchilikni va “komfort zona"dan chiqishni tanladim.

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Yevropani tanlashimga yana bir sabab dunyo ko‘rish ishtiyoqi. Ota-onam bolaligimdan meni sayohatlarga olib chiqishgani bois, bu ishtiyoq yillar davomida shakllangan. Sayohat qilish mening eng katta xobbim, Yevropa esa bu borada juda arzon va qulay imkoniyatlar maskani.

Yoshligimda Yevropaning tungi ko‘chalarida, o‘sha mashhur “sariq chiroqlar” ostida sayr qilishni orzu qilardim. Bugun o‘sha orzularim amalga oshmoqda. Vengriya men uchun nafaqat bilim maskani, balki o‘zimni anglash maydoniga aylandi.

O‘shanda hujjat topshirish jarayonida kutilmagan bir voqea sodir bo‘lgandi. Vazirlikdagi bir yoshi katta mutaxassisning insoniyligi va beg‘araz yordami tufayli qiyin vaziyatdan chiqib ketganman. Agar o‘sha paytda sabr qilmaganimda yoki harakatdan to‘xtaganimda, bugun balki Vengriyada bo‘lmasdim.

Stipendium Hungaricum: Vengriyada bepul ta’lim imkoniyati

Stipendium Hungaricum — Vengriya hukumati tomonidan xalqaro talabalar uchun taqdim etiladigan eng nufuzli va to‘liq moliyalashtiriladigan grant dasturidir. Bu dastur Yevropada yuqori sifatli ta’lim olish va shu bilan birga moliyaviy mustaqillikka erishishni istaganlar uchun eng maqbul variantlardan biri hisoblanadi.

Grant nimalarni qoplaydi? Dastur talabaning deyarli barcha asosiy xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi:

  • o‘qish xarajati: 100% bepul;
  • yilik stipendiya: bakalavr va magistratura uchun oyiga taxminan 110−120 yevro, doktorantura (PhD) uchun esa 350−450 yevro;
  • turar joy: bepul yotoqxona yoki ijara xarajatlari uchun oyiga qo‘shimcha 100 yevro atrofida yordam puli;
  • tibbiy sug‘urta: Vengriya hududida amal qiladigan to‘liq sug‘urta;

Faqat, aviachipta xarajatlari odatda talabaning o‘z hisobidan qoplanadi. Hujjatlar har yili noyabr oyining o‘rtalaridan 15-yanvarga qadar portali orqali qabul qilinadi.

Kerakli asosiy hujjatlar:

  • motivation letter: tanlangan yo‘nalish va Vengriyaga bo‘lgan qiziqish haqida insho;
  • CV (Europass formatida): professional tarjimayi hol;
  • til sertifikati: IELTS (kamida 5 5−6) yoki TOEFL;
  • diplom va transkript: ingliz tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan nusxalar;
  • tibbiy ma’lumotnoma: umumiy salomatlik holati haqida tasdiqnoma;
  • pasport nusxasi;
  • 2 ta tavsiyanoma: professor-o‘qituvchilar yoki ish beruvchi mentordan.

Fevral oyining oxirida dastlabki saralash javoblari e’lon qilinadi. Shundan so‘ng hujjatlar nomzod tanlagan ikkita universitetga yuboriladi.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

IT yo‘nalishini tanlagan nomzodlar uchun saralash bosqichlari ancha jiddiy kechadi. Xususan, Software Engineering yoki informatika kabi mutaxassisliklarda bir necha yo‘nalishni qamrab olgan qiyinlashtirilgan texnik savollarga javob berish talab etiladi.

Onlayn intervyu bosqichida esa asosan, bakalavrda o‘qigan mavzularingiz, bitiruv ishingiz mazmusi va kelajakdagi ilmiy tadqiqot rejalaringiz batafsil so‘raladi.

Ba’zi universitetlar qo‘shimcha ravishda “recording interview” tizimidan foydalanadi: bunda sizga berilgan savollarga, xususan, “Nima uchun aynan ushbu universitet va davlatni tanladingiz?”, degan asosiy so‘rovga javobingizni video shaklida yozib jo‘natishingiz kerak bo‘ladi.

Shuning uchun nafaqat nazariy bilimlarga, balki motivatsiyani aniq yetkazib bera olishga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rish lozim. Agar maqsadingiz aniq bo‘lsa, imtihonlardan qo‘rqmaslik kerak, tayyorlangan inson uchun intervyu qiyin kechmaydi, lekin texnik fanlardan imtihonlarga jiddiy yondashish shart.

Viza olish jarayoni

Vengriya vizasini olish ko‘pchilikka murakkab va uzoq vaqt talab qiladigan jarayondek tuyulishi mumkin. Biroq Stipendium Hungaricum grantini qo‘lga kiritganingizda, bu jarayon sezilarli darajada osonlashadi.

Birinchidan, grant sohiblari uchun eng katta yengillik viza mutlaqo bepul taqdim etiladi ya’ni konsullik to‘lovi olinmaydi. Ikkinchidan, hujjatlar bevosita viza markazi orqali topshiriladi. Masalan, men vizaga hujjatlarimni iyul oyida topshirganman va natija kutilganidan ham tezroq — bor-yo‘g‘i 14 ish kuni ichida tayyor bo‘lgan.

Viza olish uchun taqdim etiladigan asosiy hujjatlar ro‘yxati:

  • universitetdan rasmiy qabul xati;
  • tempus jamoat jamg‘armasi tomonidan grant ajratilganini tasdiqlovchi hujjat;
  • oxirgi 3 oylik bank ko‘chirmasi;
  • IELTS sertifikati. Meni darajam 6 edi va u ko‘plab Vengriya universitetlari uchun yetarli, deb topilgan.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Shuningdek, elchixonaning o‘ziga xos talablaridan biri nomzodning onasi haqidagi shaxsiy ma’lumotlar: qizlik familiyasi va tug‘ilgan joyi ham so‘raladi.

Grant Vengriya hukumati tomonidan ajratilgani sababli, mas’ullar nomzodning bilim darajasi yoki moliyaviy holatiga shubha bilan qaramaydi. Masalan, bizning vaqtimizda yuzma-yuz suhbat bo‘lmagan, biroq maxsus yozma so‘rovnoma to‘ldirganmiz. Muloqot va so‘rovnoma jarayonida asosan sizni kim moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi, o‘qishni tamomlagach vatanga qaytish niyatingiz borligi hamda hozirgi o‘qish yoki ish joyingiz haqida so‘raladi.

O‘sha paytda kutilmalar juda katta bo‘lgani uchunmi, ichimda kuchli hayajon bor edi. Hatto anketani to‘ldirayotib, bir qancha texnik xatolarga ham yo‘l qo‘yganman. Lekin bu jarayonga jiddiy ta’sir qilmadi, chunki barcha rasmiy tasdiqnomalarim joyida edi.

Moslashish davri haqida

To‘g‘risini aytsam, uzoq masofa va mutlaqo notanish muhit sababli dastlabki uch kun biroz qiyin kechgan. Shunga qaramay, moslashish jarayoni kutilganidan oson o‘tdi. Buning asosiy sababi, safardan avval Vengriya madaniyati, iqlimi va hayot tarzi haqida yetarlicha ma’lumot to‘plaganim bo‘ldi.

Lekin har qanday puxta tayyorgarlikka qaramay, musofirlikning kutilmagan sinovlari baribir bo‘lar ekan. Tan olish kerak, O‘zbekiston taomlari u yog‘li yoki nosog‘lom bo‘lishidan qat’i nazar dunyodagi eng mazalisi ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Vengriyada issiq palov yoki tandirdan uzilgan somsadagi lazzatni topishning mutlaqo iloji yo‘q. Sog‘inch baribir o‘z so‘zini aytadi: bu yerda vatan naqadar qadrli ekani, hatto meva-cheva ham bizdagidek shirin emasligini chuqur his qilasiz.

Sentabr oyi kirishi bilan Yevropada quyoshsiz, biroz “depressiv” kunlar boshlanib, fevralgacha davom etadi. Bu tushunarsiz havo inson kayfiyatiga ta’sir qilmay qo‘ymaydi. Ko‘pchilik o‘quv jarayonidagi culture shock haqida ko‘p gapiradi. Biroq men xalqaro muhitda tahsil olganim va bu atmosferaga avvaldan ko‘nikkanim sababli, akademik moslashishda hech qanday qiyinchilik sezmadim. Yana, iqlim almashishi ham salomatligimga salbiy ta’sir qilmadi, balki bu muhit menga yoqqani uchundir.

Nimalar hayron qoldirgan?

Vengerlar o‘z ona tillarini cheksiz hurmat qilishadi. Agar siz do‘konda yoki ko‘chada bir-ikkita vengercha so‘z aytishga harakat qilsangiz, ular shunchalik xursand bo‘lishadiki, hatto talaba ekaningiz uchun biror narsani sovg‘a sifatida berib yuborishlari ham mumkin. Bu kichik e’tibor xalqning o‘zligiga bo‘lgan muhabbatini ko‘rsatadi.

G‘arbda oila qadriyatlari yo‘qolgan degan tasavvurlarim bu yerda butunlay o‘zgardi. Kechki soat oltidan keyin yoki dam olish kunlari parklar oilaviy hordiq chiqarayotgan odamlar bilan to‘ladi. Meni eng lol qoldirgan voqea universitetimizdagi ko‘rgazmaga ota-onalar ishdan javob olib, bog‘cha yoshidagi bolalarini yetaklab kelishgani bo‘ldi. Ular ilmga qiziqishni bolalikdan shakllantirishadi. Ta’lim vengerlar uchun shunchaki “baholar” emas, balki farzandining kelajagiga kiritilgan eng katta investitsiyadir.

Yevropaning 8 ta davlatida bo‘lib bir narsaga tan berdim: ular tabiatni asrash uchun har qanday daromadli qurilish loyihasidan voz kecha olishadi. Daraxtlarni kesish emas, balki infratuzilmani daraxtlarga moslashtirish bu yerda oddiy hol. Mablag‘ingiz qancha bo‘lmasin, “yashil zona"da o‘zboshimchalik bilan bino qura olmaysiz bunga qonun ham, aholi ham yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham havo musaffo, ko‘chalar esa ozoda.

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

23-oktyabr Vengriyada Inqilob kuni sifatida nishonlanadi va shu kuni muzeylarga kirish bepul bo‘ladi. Mashhur Parlament binosi oldidagi turnaqator navbatni ko‘rib, boshida biroz cho‘chidim ikki soatlab kutish kerak edi.

Biroq odamlarning tartib bilan kutishi meni hayron qoldirdi. Ikki soat vaqt qanday o‘tganini sezmay qoldim, aksincha, xalqdagi kutish madaniyatiga havasim keldi. Bizdagi shoshqaloqlik va stressdan farqli o‘laroq, bu yerda hayot sokin oqim bo‘ylab ketadi.

Jamoat transportida keksalarimizga joy berish odati bu yerda biroz boshqacha. Agar yoshi katta insonga joy bersangiz: “Meni charchagan yoki qari deb o‘ylayapsanmi?”, degan rad javobini olishingiz mumkin. Ular velosiped haydashadi, faol hayot tarzini olib borishadi va hech kimga yuk bo‘lishni xohlashmaydi.

Vengriyada itlar shunchaki uy hayvoni emas, balki oilaning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Ularni kafelarga, restoranlarga, hatto metrolarga ham bemalol olib kirishadi. Parklarda itlarning yosh bolalarni qo‘riqlab, ular bilan o‘ynashini ko‘rib, hayvonlarga bo‘lgan bunday g‘amxo‘rlikdan kishining kayfiyati ko‘tariladi.

Qanday qiziqarli voqealar bo‘lgan?

Loyiha boshqaruvi fanidan imtihonni a’lo bahoga topshirib chiqayotganimda, o‘qituvchimiz orqamdan kelib, qo‘l berib ko‘rishdi. Uning: “Kursimni hurmat qilib, shunchalik yaxshi o‘qiganing uchun rahmat”, — degan kutilmagan e’tirofi Yevropa ta’lim tizimidagi insoniy munosabatlarga bo‘lgan hurmatimni oshirdi. Ular talabaga nafaqat bilim manbasi, balki shaxs sifatida qarashadi.

Yana bir hayratlanarli jihat ulardagi kamtarlik. Bir kuni o‘qituvchimga “professor”, deb murojaat qilganimda, u kishi darhol e’tiroz bildirib, bu unvonga munosib bo‘lish uchun hali ko‘p yo‘l bosishi kerakligi, shuning uchun uni shunchaki ismi bilan chaqirishimni so‘radi. Bunday mas’uliyat va samimiylik tahsinga loyiq.

Musofirlikdagi ilk tug‘ilgan kunimni ham do‘stlarim unutilmas bayramga aylantirishdi. Men ularga milliy taomlarimizni pishirib berdim, ular esa dildan tabriklashdi. O‘shanda angladimki, xalqaro talabalar bir-birini so‘zsiz tushunishadi, chunki sog‘inch va yangi muhitdagi qiyinchiliklar barchamiz uchun mushtarakdir.

Vengeriyada ta’lim

Magistratura darajasini olish uchun jami 120 kredit to‘plash talab etiladi. Har semestrda 6 tadan 8 tagacha majburiy fan o‘tilsa-da, erkin tanlov fanlari orqali shaxsiy qiziqishlarni rivojlantirish imkoniyati mavjud.

Masalan, yiliga 6 kreditni biznes, san’at yoki sportga ajratish mumkin: men shaxsan suzish, kikboksing va tarix darslarini tanladim. Bu tizim talabaning nafaqat mutaxassis, balki har tomonlama shakllangan shaxs bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.

Mamlakatda professorlari juda erkin va sodda. Ularning darsga velosipedda, sport kiyimida yoki oddiy kiyimda kirib kelishlari odatiy hol. Bu yerda asosiy e’tibor tashqi dabdabaga emas, balki beriladigan bilim sifatiga qaratiladi.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Dars jarayonida o‘ziga xos etik qoidalar mavjud. Masalan, kech qolgan talaba eshik taqillatib, ruxsat so‘rab dars oqimini buzishi shart emas. Shunchaki sekin kirib, bo‘sh joyga o‘tirish o‘qituvchi va auditoriya vaqtini hurmat qilish belgisidir. Shuningdek, chet ellik talabalar uchun hech qanday alohida imtiyozlar yo‘q: talab barcha uchun bir xil va qat’iy.

Vengriyada kreditni yopish uchun ikki yo‘l bor:

  • Oraliq nazoratlar: semestr davomida ikki marta o‘tkaziladi. Agar ikkalasidan ham muvaffaqiyatli o‘tsangiz, fan avtomatik yopiladi.
  • Yakuniy imtihon: agar oraliq imtihonlar natijasi past bo‘lsa, yakuniy sinovga kirish majburiy.

Ayniqsa, og‘zaki imtihonlar eng murakkabi. Sizga yozmadagidek uzoq o‘ylash uchun vaqt berilmaydi — 1−2 daqiqa ichida fikringizni jamlab, aniq javob berishingiz kerak. Bu usul talabada stress ostida tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantiradi.

Yashash xarajatlari haqida

Vengriya — Yevropaning Shengen zonasidagi iqtisodiy jihatdan eng hamyonbop davlatlaridan biri hisoblanadi. Agar sizda grant bo‘lmasa ham, bu yerda yashash va ta’lim olish boshqa G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga qaraganda ancha arzon.

Talaba uchun turar joy tanlashda ikki xil yo‘l bor:

  • Yotoqxona: bir oyga taxminan 200−250 yevro. Odatda bir xonada 2−3 kishi yashaydi. Eng katta afzalligi kommunal to‘lovlar ssiq suv, elektr energiyasi ijara haqining ichiga kiritilgan.
  • Ijara kvartira: sharoiti va hududiga qarab narxlar 250 yevrodan boshlanib, 400 yevrogacha chiqishi mumkin. Kvartirada yashaganda kommunal xizmatlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga to‘g‘ri keladi.

Agar talaba tez-tez restoran yoki kafelarda ovqatlanmasa, oylik oziq-ovqati uchun 250−300 yevro yetarli bo‘ladi. Ko‘chada ovqatlanish bu xarajatlarni sezilarli darajada oshirishi mumkin.

Vengriya jamoat transporti talabalar uchun juda ko‘p imtiyozlar taqdim etadi. “Hungarian Pass” deb nomlanuvchi tizim orqali talabalar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratilgan. Narxi bir oylik uchun atigi taxminan $6 turadi. Ushbu bitta chipta bilan siz shahar ichidagi metro, avtobus, tramvay va hatto shaharlararo poyezdlardan ham tekinga qo‘shimcha to‘lovsiz foydalanishingiz mumkin.

Bu butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni xohlovchi talabalar uchun juda katta imtiyozdir. Solishtirish uchun, Vengriyaga kelgan turistlar uchun 3 kunlik transport chiptasi taxminan 12 yevro atrofida tushadi.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Asosiy ehtiyojlardan tashqari, talaba o‘zining qiziqishlariga qarab ham xarajat qilishi mumkin:

  • o‘quv materiallari va kitoblar;
  • sport zal yoki boshqa sevimli mashg‘ulotlar;
  • shaxsiy gigiyena va kiyim-kechak xarajatlari.

Ana shu narsalar ham bizda yaratib berilgan. O‘shaning uchun studentlar ko‘p ehtimol bilan bu narsalarga pul sarflamaydi. Oylik esa bizdagiga nisbatan juda katta, deya olmayman, lekin nisbatan olganda kattaroq.

Vengriya Shengen hududidagi iqtisodi nisbatan sust rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadi. Agar uning iqtisodiyoti kuchliroq bo‘lganida, kelajakda bu yerda qolib yashash haqida o‘ylab ko‘rish mumkin edi. Biroq, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning pastligi sababli, bu masalada ma’lum muammolar va cheklovlar mavjud.

Talablarimni ishlashiga ruxsat beriladimi?

Vengriya qonunchiligi xalqaro talabalarga nafaqat ta’lim olish, balki rasmiy ravishda mehnat faoliyatini yuritish huquqini ham taqdim etadi.Talabalar uchun belgilangan ish soatlari ularning ta’lim bosqichiga qarab farqlanadi:

  • Magistratura talabalari: haftasiga 30 soatgacha rasmiy ishlash huquqiga ega.
  • Bakalavr talabalari: haftasiga maksimal 20 soat mehnat qilishlari mumkin.

Ushbu cheklovlar talabaning asosiy vazifasi sifatli ta’lim olishdan chalg‘ib ketmasligini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Albatta, yangi davlatga kelgan talaba uchun dastlabki bosqichda ish topish biroz murakkab kechishi tabiiy. Biroq harakat qilgan har bir yosh o‘z qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish hamda rasmiy va korporativ sektorlarda faoliyat yuritishi mumkin.

Vengriyada o‘qishning ijobiy va sa’lbiy tomoni

Bu yerda o‘qishning ijobiy tomoni shundaki, inson o‘zining “komfort zonasi"dan chiqib, begona yurtda yolg‘iz qolishi orqali o‘zini anglashni boshlaydi va shaxs sifatida rivojlanadi. Chet elda o‘qish oson bo‘lmasa-da, xalqaro talabalar va professorlar bilan fikr almashish, ular bilan startaplar yoki biznes-g‘oyalar ustida ishlash imkoniyati insonning dunyoqarashini butunlay kengaytiradi. Turli millat vakillari bilan do‘stlashish hayotga va odamlarga bo‘lgan qarashni ijobiy tomonga o‘zgartiradi.

Salbiy jihatlariga kelsak, yaqinlar va ota-ona sog‘inchi sezilishi mumkin, ammo to‘y-hasham kabi dabdabalarga qiziqishi bo‘lmagan insonlar uchun bu katta muammo tug‘dirmaydi. Ayniqsa, Vengriya kabi davlatlarda to‘ylarning juda ixcham, dabdabasiz, faqat eng yaqin insonlar davrasida o‘tishi kishida havas uyg‘otadi. 500 kishilik katta to‘ylardan ko‘ra, bunday kichkina marosimlar samimiy va shirin damlar taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.

Maslahat. Har bir inson hayotida kamida bir marta chetga chiqib o‘qib ko‘rishi kerak, chunki O‘zbekistonda baribir yaqinlaringizning ko‘magini his qilasiz, chetda esa sizga hech kim osonlikcha yordam qo‘lini cho‘zmaydi. Aynan shu qiyinchilik bilan erishilgan narsaning qadri baland bo‘ladi.

Bu yerda meni anglab yetganim har bir insonning o‘z shaxsiy vaqt o‘lchami bor. Hech kim “falon yoshda falon narsaga erishishim shart”, deb o‘zini qiynamasligi, hamma o‘z sur’atida harakat qilib, baribir maqsadiga yetishiga ishonishi lozim.

abbos samandarov, stipendium hungaricum, vengriya, xorijda ta’lim

Foto: Abbos Samandarovning shaxsiy arxividan

Agar talaba grant asosida emas, balki o‘z hisobidan o‘qishga kelsa, budjetni juda aniq hisoblab chiqishi kerak. Aks holda, moddiy qiyinchilik sababli ham o‘qib, ham ishlashga majbur bo‘ladi, bu esa ta’lim sifatiga ta’sir qiladi. Shu sababli, kelishdan oldin moliyaviy tomonlama tayyor bo‘lish hayotiy zaruratdir.

Til hamma eshiklarni ochuvchi asosiy kalit. Ingliz tilini mukammal bilishdan tashqari, borayotgan davlatga va mezbon xalqqa hurmat yuzasidan o‘sha davlat tilini kamida A1-A2 darajasida o‘rganish maqsadga muvofiq. Shuningdek, Yevropa muhitida istiqbolni ko‘zlaganlar uchun nemis tili kabi qo‘shimcha tillarni o‘rganib qo‘yish katta yordam beradi.

Yangi boruvchilar dastlab sog‘inch va ovqatlanish masalasida qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Bunga ruhan tayyor bo‘lish va mahalliy muhitga moslashishga harakat qilish kerak. To‘g‘ri reja va kuchli tayyorgarlik bilan kelinganida, bu qiyinchiliklar osonroq yengib o‘tiladi.