O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha bo‘lgan yangi hamkorlik dasturi imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tomonlar O‘zbekistonning OTB bilan keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

30 yillik hamkorlik davomida OTB “O‘zbekistonning haqiqiy strategik sherigi"ga aylandi. Loyihalar portfeli qariyb $16 milliard dollarga yetadi, bu esa mamlakatni operatsiyalar hajmi bo‘yicha bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlari qatoriga kiritadi.

Xususan, temir va avtomobil yo‘llarini, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirildi va hozirda ham davom ettirilmoqda.

Prezident va OTB rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturiga kiritilgan $12,5 mlrdlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Shuningdek, ipoteka bozorini, xususiy sektorni, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish, maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralarda Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilma loyihalarini, jumladan, mablag‘larni safarbar etishda OTBning yetakchi rolini kuchaytirish orqali ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, qarshi tomondan esa OTB prezidenti Masato Kanda ishtirok etdi.


Avvalroq Spot Germaniya O‘zbekistonga tumanlarni “yashil” rivojlantirish uchun 9 mln yevro ajratishi haqida yozgandi.