Iqtisodiyot va moliya vazirligi Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 30-aprel kuni GIZning O‘zbekiston bo‘yicha direktori Yoaxim Fritsni qabul qildi. O‘zagrostar davlat kompaniyasi vakillari ishtirok etgan tadbirda tumanlar uchun master-rejalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Avval ajratilgan Germaniya grantlari hisobidan 12 ta tumanda master reja va kompleks rivojlanish strategiyalari ishlab chiqildi. Tomonlar hamkorlik tufayli ishga tushirilgan 24 ta pilot loyihani yuqori baholadilar.
Xususan, GIZ quyidagi tashabbuslar uchun 1,3 mln yevro miqdorida grant ajratdi:
- Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda agroturizm kompleksini tashkil etish;
- Amudaryo, Chimboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva, Hazorasp tumanlarida kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish;
- intensiv baliqchilik loyihalarini ishga tushirish;
- hunarmandchilik va IT-markazlarini ochish;
- ijtimoiy obyektlarda energiya tejaydigan issiqlik nasoslarini o‘rnatish.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda GIZ vakolatxonasi o‘rtasida 2026−2029-yillarga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Uning doirasidagi ishlarga 9 mln yevro yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar master-rejalar asosida pilot “yashil” loyihalar bo‘yicha keyingi ishlar uchun ishlatiladi. Shuningdek, kelishuv strategiyalarni tayyorlash va amalga oshirishda sun’iy intellekt va innovatsion tahliliy usullardan foydalanishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, tomonlar yana uchta tumanda — So‘x, Baxmal va Boysunda master-rejalar asosida tajriba tashabbuslarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi strategiyalarni amalga oshirishda loyiha ofislari va xususiy sektorning ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston IT-ta'limni rivojlantirish uchun Janubiy Koreyadan $14 mln olishi haqida yozgandi.
Nukus va Qarshi shaharlarida IT-xablar ochish, raqamli kasblar bo‘yicha mutaxassis va o‘qituvchilar tayyorlash rejalashtirilgan.