Koreya xalqaro taraqqiyot agentligi (KOICA) O‘zbekistonga axborot texnologiyalari sohasidagi ta’limni rivojlantirish uchun grant ajratadi. Bu haqda Raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.
IT-ta'lim ekotizimini takomillashtirish tashabbusi yoshlar tadbirkorligi va texnologiya sohasidagi bandligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati $14 mlnni tashkil etadi, xarajatlarni Janubiy Koreya tomoni o‘z zimmasiga oladi.
Uning doirasida Qarshi va Nukus shaharlarida zamonaviy IT-xablar, shuningdek, yettita tumanda 14 ta IT-markaz tashkil etish va jihozlash rejalashtirilgan. Qurilish 2026-yildan 2032-yilgacha davom etadi.



Shuningdek, loyiha yosh o‘zbekistonliklarni sun’iy intellekt, promt-muhandislik, dasturlash, buyumlar interneti (IoT) va onlayn-marketing kabi sohalarda o‘qitishni ham o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, dastur to‘rt yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 500 nafar mutaxassis va o‘qituvchi tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yetakchi koreyalik ekspertlar startaplar uchun inkubatsiya dasturlarini ishga tushirishda ko‘maklashadi. Loyiha ta’lim tizimi rivojiga hissa qo‘shishi, innovatsion biznes va O‘zbekistonning raqamli kelajagini mustahkamlashi kutilmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreyada mobil internetga kafolatlangan kirish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, agar abonentning internet-trafiki tugasa, u tarmoqqa pasaytirilgan tezlikda kira oladi.


