Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda chorvachilikni barqaror rivojlantirish loyihasi uchun $60 mln lik imtiyozli qarzni ma’qulladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyiha chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan beshta hududda — Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritayotgan qariyb 29 ming kichik fermer xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha doirasida yaylovlarni boshqarish takomillashtiriladi, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ozuqabop ekinlar yetishtirish kengaytiriladi, chorva sug‘orish punktlari tiklanadi. Shuningdek, veterinariya xizmatlari kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosida yaylovlarni monitoring qilish tizimi va fermerlarga tavsiya hamda ogohlantirishlar yuboradigan mobil ilova joriy etiladi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi ayollar uchun yem-xashak ishlab chiqarish bo‘yicha o‘quv dasturlari tashkil etiladi.
“Chorvachilik O‘zbekiston qishloq hududlaridagi millionlab insonlar uchun muhim daromad va oziq-ovqat manbai hisoblanadi. Biroq bu tarmoq tobora kuchayib borayotgan qurg‘oqchilik, haddan tashqari issiq havo va suv tanqisligining salbiy ta’siriga duch kelmoqda”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.
OTB qarziga qo‘shimcha ravishda loyihaga Yashil iqlim jamg‘armasi Glaciers to Farms dasturi doirasida $5 mln, Yaponiya hukumati moliyalashtiradigan JFPR jamg‘armasi esa $3 mln grant ajratadi.
Avvalroq OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun $200 mln qarz ajratishi haqida xabar berilgandi.