O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi munosabati bilan xorijdan olib kiriladigan mobil qurilmalar uchun bojxona boji stavkasi 0% etib belgilanadi. Bu haqda 11-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda boshqa davlatlar bilan bojxona bojlarining yangi stavkalari kelishib olingan. Ular orasida mobil qurilmalar uchun stavkani nolga tushirish ham bor.

“JSTga kirish arafasida bu stavka baribir nolga tushadi. Ya’ni hozir budjetga 2 trln so‘m tushayotgan bo‘lsa, endi undan 300−400 mlrd so‘m kamroq tushadi. Lekin mobil qurilmalar aholi uchun 5% gacha arzonlashadi. Biroq QQS baribir to‘lanadi”, — dedi Farhod Olimjonov.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 10 oyida O‘zbekistonga rasman 4,1 mln ta mobil qurilma olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 mln taga ko‘p. Ulardan undirilgan bojxona to‘lovlari esa 2,1 baravar oshib, 2 trln so‘mga yetdi.

Shu davrda rasman olib kirilgan iPhone’lar soni 533 ming donadan oshdi. Ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari 756,6 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu 2025-yilning mos davridagidan 6,2 baravar ko‘p.

JSTga a’zolik

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish arafasida turibdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan, faqat Tayvan bilan kelishuv qolgan. Kelishuvga erishilgan davlatlar orasida AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada va boshqalar bor.

JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2023-yilda faollashdi. O‘shanda prezident jarayonni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi hamda JST masalalari bo‘yicha o‘zining maxsus vakili lavozimini joriy etdi. O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-vazirlar konferensiyasiga qadar tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda.