Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Prezident matbuot xizmati hujjatni e’lon qildi.
Farmon bilan 2030-yilgacha tibbiy xizmatlar sohasida xususiy korxonalar ulushini ularning umumiy hajmining 30%iga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.
Nodavlat klinikalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tibbiyot sohasi ko‘lamini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadini ko‘zlaydi.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi.
Milliy akkreditatsiya yoki Sog‘liqni saqlash sohasida sifat xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiya qilingan tibbiyot tashkilotlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan budjet hisobidan davolanish bo‘yicha shartnomalar tuzishlari mumkin bo‘ladi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligining ekspert komissiyasi tomonidan majburiy xulosadan ozod etiladi.
Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi.
Bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi.
Tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Tug‘uruqni qabul qilish yo‘nalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
2027-yil 1-maydan boshlab Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Xususiy transplantatsiya klinikalarining faoliyati xavf-xatarni tahlil qilish tizimida yuqori xavfli hisoblanadi.
Transplantatsiyada ishtirok etayotgan bemorlar va donorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.
Tegishli vazirlik operatsiyadan oldin talab qilinadigan tahlillar ro‘yxatini, shuningdek, molekulyar-genetik tekshiruvlarga qo‘yiladigan talablarni (klinikaning o‘zidagi laboratoriyada yoki autsorsing asosida boshqa tashkilotda) belgilaydi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy tibbiyot muassasalarining tegishli davr oxirigacha javobgarligini nazarda tutuvchi transplantatsiyadan keyin bemorlarni reabilitatsiya qilish tartibini ishlab chiqadi. Agar bemorning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bo‘lsa, klinika kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Spot Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi haqida yozgandi.