Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Xususiy tibbiyotni rag‘batlantirish uchun iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhokama qilindi.

Jumladan, olis hududlarda yangi klinikalar ochish uchun $200 mlnlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi, har bir loyiha uchun 10 yilgacha muddatga $10 mlndan kredit berish, asosiy stavkaning 50% qismi uchun kompensatsiya mexanizmini qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarga ijtimoiy soliqni 1% etib belgilash, tibbiy uskuna va butlovchi qismlar bo‘yicha bojxona imtiyozlari berish kabi yengilliklar taklif etildi.

Taqdimotda sohaga investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi ham ko‘rib chiqildi.

Buning uchun Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etish, investorlarga konsalting va amaliy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish, DXSH loyihalarini professional asosda shakllantirish va ilgari surish mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, agentlikka sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga ko‘maklashish, davlat tibbiyot tashkilotlarini boshqaruvga berish vakolati beriladi.

Agentlik taʼsischiligida investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda ko‘maklashuvchi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Health Invest kompaniyasi tashkil etiladi.

Xorijiy ekspertlar bilan birgalikda davlat tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Shuningdek, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va ishga tushirishga oid shaharsozlik hamda sanitariya qoida va meʼyorlari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtirilishi belgilandi.

Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, Farg‘onada DXSH asosida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishi haqida yozgandi.