Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yana-da rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda xususiy sektorning soha rivojidagi o‘rni va bu boradagi mavjud imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
2016-yilda mamlakatda 3,2 mingta xususiy klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilda ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy tibbiyot yo‘nalishlari 39 tadan 116 taga, ushbu sektordagi koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha ko‘paydi.
Xususiy sektorning umumiy koyka fondidagi ulushi 12% dan 31% gacha oshishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, tizimdagi ayrim muammolar ham qayd etildi. Xususan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan amaldagi nazorat mexanizmlari yetarli samara bermayotgani va litsenziyalash talablari zamon talablariga to‘liq javob bermasligi taʼkidlandi.
Shuningdek, xususiy klinikalar faoliyati bo‘yicha maʼlumotlar yagona elektron tizimda shakllanmagani hamda investitsiya loyihalari bilan manzilli ishlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Shu bois, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va uning masʼuliyatini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar taqdim qilindi.
Xususan, tibbiy faoliyatni litsenziyalashga oid barcha vazifalarni Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga o‘tkazish taklif etildi.
2026-yil 1-iyuldan litsenziyalash tartiblarini kuchaytirish, bemor xavfsizligi va xizmat sifati uchun 48 ta talabning 14 tasini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.
Mazkur jarayonda ko‘p tarmoqli klinikalar faoliyatini to‘liq to‘xtatish amaliyotidan voz kechib, faqat aniq qoidabuzarlik aniqlangan yo‘nalish bo‘yicha cheklov qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.
Tibbiyot tashkilotlarining litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishi bo‘yicha sifat nazorati kuchaytirilib, elektron axborot tizimida masofaviy baholab borish orqali nazorat qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga litsenziya doirasidagi barcha yo‘nalishlarda budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish, shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini yaratish taklif etildi.
Bundan tashqari, 2028-yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat hamda respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalaridan Sug‘urta jamg‘armasi tomonidan tibbiy xizmatlar xarid qilinmasligi nazarda tutilmoqda.
2030-yil yakuniga qadar barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich, xususan, 2027-yil 1-aprelgacha 55 ta respublika, 2028-yil yakuniga qadar 413 ta hududiy hamda 2030-yil yakunigacha 3 mingdan ortiq tuman (shahar) davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati majburiy litsenziyalanadi.
Spot, avvalroq, davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilgani haqida yozgandi.