Markaziy bank tomonidan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etishi munosabati bilan maxsus esdalik tangalari muomalaga chiqariladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonning Jahon chempionatiga yo‘l olganini tarixga muhrlash maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumushdan esdalik tangalari zarb etildi.

Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi chizmasi hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida — 2026” yozuvi aks ettirilgan. Mazkur elementlar milliy terma jamoamizning ilk mundial yo‘llanmasi va O‘zbekiston futboli tarixidagi yangi sahifani ramziy tarzda ifodalaydi.

Tangalar dizaynida muxlislar orasida Oq bo‘rilar nomi bilan tanilgan terma jamoa ramzi ham o‘rin olgan. Revers qismidagi bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va taslim bo‘lmas xarakterini ifodalaydi.

Ushbu ramz 26 nafar futbolchi siluetini o‘zida mujassam etib, tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati bilan qo‘lga kiritilganini anglatadi.

Shuningdek, tanga dizaynida milliy terma jamoa libosidagi naqshlar ko‘hna obidalarimiz devorlaridagi naqshlardan olingani shonli tariximiz va boy madaniyatimizni ifoda etadi. Bu yechim futbol, milliy g‘urur va ajdodlar tarixini yagona kompozitsiyada birlashtiradi.

esdalik tanga, futbol, jahon chempionati, markaziy bank

31,1 gramm og‘irlikdagi 100ta oltin va 1000ta kumush tangalar yuqori badiiy hamda kolleksion qiymatga ega bo‘lib, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan.

Esdalik tangalari 18-iyundan boshlab 690ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqariladi.

16-iyun holatiga ko‘ra, 31,1 grammli oltin tanganing sotuv narxi 54,56 mln so‘m, qaytarib sotib olish narxi esa 50,93 mln so‘mni tashkil etadi.

Kumush tanga 1,69 mln so‘mdan sotiladi, uni texnik ekspertizadan so‘ng 830 ming so‘mga qaytarib sotish mumkin.

Aprel oyida Amir Temur esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.