O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi sezilarli oshdi. Bu haqda Markaziy bank raisining o‘rinbosari Sanjar Nosirov 16-iyun kuni poytaxtda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi panel sessiyasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda islom moliyasini rivojlantirish jarayonini uch bosqichga bo‘lish mumkin. Shundan birinchisi, mikromoliya sektorida islom moliyasini joriy etishdir. Keyingi bosqichda esa islomiy banking hamda kapital bozorini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Nosirovning qayd etishicha, hozirda 12 ga yaqin mikromoliya tashkiloti islom moliyasi mahsulotlarini taklif qilmoqda. 2025-yilda shundan 8 tasi mudaraba, ijara, murobaha va mushoraka asosida jami 21 mlrd so‘mlik (taxminan $1,7 mln) xizmatlarni ko‘rsatgan.
Bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda hamda joriy yilning dastlabki besh oyida bu hajm 22 mlrd so‘mga yetdi.
Hozirda eng ommabop mahsulot murabaha bo‘lib, u umumiy hajmning 63% ini tashkil etadi. Mudaraba va musharaka ulushi mos ravishda 17 va 14% ni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlaridan biri faqat mudaraba asosida ishlaydi va bugungacha 300 dan ortiq ayol tadbirkorni moliyalashtirgan.
2022-yilda O‘zbekistonda nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Undan keyin, 2024-yilda Markaziy bank mikromoliya tashkilotlarining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. U bilan tashkilotlarga murobaha, ijara, salam, mudoraba va mushoraka kabi islomiy xizmatlarni joriy etishga ruxsat berildi.
Joriy yilning iyun oyida regulyator islomiy bank faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilovchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Loyiha bilan, banklar huzurida islomiy moliya kengashlari tashkil etilishi hamda rahbarlar va kengash a’zolari uchun qat’iy malaka va tajriba talablari belgilanmoqda.
29-iyundan mamlakatda islomiy bankni joriy etish bo‘yicha qonun kuchga kiradi. Hujjat islomiy moliya operatsiyalarining olti turini belgilaydi. Shu bilan birga, hujjat QQSdan ozod qilinadigan operatsiyalar turlarini ham nazarda tutadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston kompaniyalari xorijga yiliga $200 minggacha sarmoya kiritish huquqini olishi haqida yozgan edi.