Markaziy bank raisi Timur Ishmetov kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Qaror regulyator saytida e‘lon qilindi.

Dastlab may oyida loyiha sifatida taqdim etilgan o‘zgartirishlar investitsiya maqsadida O‘zbekistondan kapital olib chiqishni soddalashtiradi. Ular tufayli fuqarolar va kompaniyalar belgilangan miqdordan kam bo‘lgan tranzaksiyalarni oldindan ruxsatnomasiz amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Jismoniy shaxslar xorijiy korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki unda ulush bilan ishtirok etish maqsadida bir kalendar yili davomida $10 minggacha mablag‘ olib chiqish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda fuqarolar xorijdagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlariga pul o‘tkazishlari mumkin. Lekin investitsiya vositachilarining hisobvaraqlarini xorijiy valyutada to‘ldirish faqat litsenziyaga ega investitsiya vositachilari ishtirokida amalga oshiriladi.

Davlat ulushi bor kompaniyalar va ularning sho‘ba tuzilmalari xorijiy korxonalarga sarmoya kiritish, shuningdek, xorijda filial, vakolatxona va savdo uylarini ochish uchun yiliga $100 minggacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. Xususiy korxonalarga esa bu maqsadlar uchun har yili $200 minggacha mablag‘ olib chiqishga ruxsat etiladi.

Bundan tashqari, filial va vakolatxonalarni aylanma mablag‘lar bilan ta‘minlash uchun soddalashtirilgan tartibda pul olib chiqishga ruxsat beriladi. Xususiy kompaniyalar bu maqsadlarga yiliga $100 minggacha, davlat kompaniyalari esa $50 minggacha mablag‘ yo‘naltira oladi.

AQSH hududidagi kompaniyalarning ustav fondini shakllantirish va ularda ulush bilan ishtirok etish, shuningdek, filiallarni aylanma mablag‘lar bilan ta‘minlash maqsadida hisobvaraqdagi mablag‘lar doirasida kapital olib chiqishga ruxsat etiladi.

Banklar faoliyati bilan bog‘liq operatsiyalar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi. Boshqa operatsiyalar Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida bajariladi. Shu bilan birga, yakuniy hujjatga xorijdan jalb qilingan aktivlarni norezidentlarga qaytarish bo‘yicha istisno kiritildi.

Kapital harakatiga oid barcha operatsiyalar FERUz valyuta operatsiyalarini hisobga olish tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Rezidentlar har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi banklarga xorijdagi investitsion faoliyati to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim etishi, banklar esa bu ma‘lumotlarni Markaziy bankka yetkazishi kerak.

Agar rezident xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni belgilangan muddatda va tartibda taqdim etmasa, kapital harakatiga doir keyingi operatsiyalar to‘xtatib qo‘yiladi. Kapital harakati operatsiyasi shartlariga kiritilgan o‘zgartirishlar qo‘shimcha kelishuv bilan rasmiylashtirilib, u 10 kun ichida bankka taqdim etilishi lozim.

Spot, avvalroq, yil boshidan buyon O‘zbekistonda 10 mingta shubhali karta bloklangani va 1,72 trln so‘mning mamlakatdan olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘yilmagani haqida yozgandi.