O‘zbekistonda firibgarlarning 10 mingta kartasi bloklandi va 1,72 trln so‘m yechib olinishining oldi olindi. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, polkovnik Mirzoxon Zubaydullayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda sodir etilgan barcha jinoyatlarning deyarli yarmi (49,6%i) kiberjinoyatlarga to‘g‘ri kelgan. 2021-yildan buyon ularning soni o‘sib bormoqda va fuqarolarga yetkazilgan zarar 2 trln so‘mdan oshgan.
Xuddi shu davrda kiberjinoyat turlari soni 18 tadan 64 taga ko‘paygan. Shu bilan birga, 96% hollarda elektron to‘lov tizimlari orqali kibero‘g‘rilik va kiberfiribgarlik holatlari sodir etiladi.
Kiberjinoyatlarning quyidagi usullari eng keng tarqalgan: zararli dasturlar (38%), sotuvchi yoki xaridor niqobi ostidagi firibgarlik (18%), onlayn birja sxemalari (16%), firibgarlik qo‘ng‘iroqlari (7%), soxta mikroqarzlar va kreditlarni rasmiylashtirish (3%). Polkovnikning so‘zlariga ko‘ra, 4−5 yil avval IIVda kibertahdidlarga qarshi kurashish vositalari deyarli bo‘lmagan.
O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun yagona onlayn platforma yaratildi, u yil boshidan test rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda doimiy asosda ishlamoqda. U IIV, Markaziy bank va Bosh prokuraturani birlashtiradi va antifrod-monitoring ishga tushgandan yoki fuqarolar murojaatidan so‘ng 24 soat ichida shubhali bank kartalarini tezkor bloklash imkonini beradi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti boshlig‘ining ta’kidlashicha, bu javob berish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.
Mirzoxon Zubaydullayev (chapdan). Foto: Senat
Dastlabki besh oyda 1,72 trln so‘mlik mablag‘larning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi, jinoiy faoliyatga aloqador 10,25 mingta bank kartalari bloklandi. “Ilgari bu tajriba yo‘q edi, lekin bu yil u o‘z samarasini ko‘rsatmoqda”, — dedi Zubaydullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil ichida birinchi marta firibgarlik bo‘yicha murojaatlar soni 6% ga yoki 2500 ta murojaatga kamaygan. Shuningdek, kiberjinoyatlarni fosh etish ko‘rsatkichi joriy yilda 3,5 barobar, aniqlash ishlari esa 5 barobarga oshdi.
Bir vaqtning o‘zida sun’iy intellektga asoslangan ikkita tizim yaratildi. Birinchisi — Markaziy bank bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Card-block shubhali kartalarni tezkor bloklashni ta’minlaydi. Ikkinchisi — transchegaraviy jinoyatlar bilan ishlashga mo‘ljallangan Turon tahliliy ma’lumotlar bazasi.
Zararli dasturlarni aniqlash va bloklash uchun Cyber Shield tizimi ham sinov rejimida ishlamoqda. Uning yordamida 385 ta fishing dasturi bloklandi, 500 mingdan ortiq fuqarolarning qurilma va mablag‘lari talon-toroj qilinishidan himoyalandi.
Avvalroq Spot Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni rad etgani haqida yozgan edi.
