Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston — Koreya alohida strategik sherikligini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida parlamentlar, vazirlik va idoralar, hudud rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishini aytib o‘tdi.
Bular — savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirish.
Joriy tashrif yakunlari bo‘yicha investitsiya portfeli ko‘lami yana-da kengayadi. Xususan, umumiy qiymati qariyb $12 mlrdlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Koreya Eksimbanki bilan $8 mlrdlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.



Tomonlar Koreyaning ilg‘or texnologiyalari hamda Yangi O‘zbekistonning resurslar va sanoat borasidagi salohiyatiga asoslangan mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Alyans faoliyatini axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohalari hamda tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatida yuqori texnologiyali va raqamli yechimlarni joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga qaratish taklif etildi.
Harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish va harbiy mutaxassislarni o‘qitishga tayyorlik bildirildi.
Tashrif arafasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik tarixida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholandi. Keyingi forumni Samarqand shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Prezidentlar muzokaralar davomida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berdi.
O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritib, pedagogika, AT, muhandislik, raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy iqtisodiyotning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlayotgani qayd etildi.



Bundan tashqari, O‘zbekistonda KOICA ko‘magida tashkil etilgan 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar yoshlarimizga kelgusida qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishiga keng imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Kadrlar tayyorlash bo‘yicha amaliy tajriba almashishda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi muhim o‘rin tutishi alohida taʼkidlandi.
2027-yilni Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili deb eʼlon qilish hamda qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yakunda muhokama qilingan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari yaqinligi ham tasdiqlandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Janubiy Koreya mandarin yetishtirish bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida yozgandi.





