O‘zbekiston va Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi, xususan, meva-sabzavotchilik va O‘zbekistonda mandarin yetishtirishni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov Jeju shahri qishloq xo‘jaligi kooperativi, Koreya mandarin eksportchilari assotsiatsiyasi va Sungshin L&P kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikning joriy holati, mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Xususan, O‘zbekistonda mandarin yetishtirish hajmini oshirish va bu borada Koreya tajribasidan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Koreya vakillari mandarin yetishtirish, mahsulot sifatini nazorat qilish, saralash, qadoqlash, marketing va eksport jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston tomoni uchrashuvda mamlakatning meva-sabzavotchilik sohasidagi salohiyati, yetishtirilayotgan mahsulotlar turlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.



Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini marketing qilish va xorijiy bozorlarga olib chiqish, eksport geografiyasi kengaytiriladi.
Shu bilan birga, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar agrar hamkorlikni yangi amaliy loyihalar bilan kengaytirish, o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Janubiy Koreya temiryo‘l ehtiyot qismlarini mahalliylashtirishni muhokama qilgani haqida yozgandi.


