O‘zbekiston va Janubiy Koreya temiryo‘l transporti uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni muhokama qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

10-avgust kuni O‘zbekiston-Koreya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afarov Janubiy Koreyaning Sampyo Railway kompaniyasi prezidenti Yu Xi Chul bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekistonda temiryo‘l sohasi uchun zarur ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, shuningdek, mahalliy me’yoriy-huquqiy va texnik hujjatlarda belgilangan talab hamda standartlarni o‘rganish uchun koreyalik mutaxassislarni jalb etish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish, loyihani amalga oshirishni tezlashtirish va aniq chora-tadbirlarni belgilashga kelishib oldi.

Transport vazirligi bu temiryo‘l sohasida mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berishini ta’kidladi.

Sampyo Railway — Janubiy Koreyaning temiryo‘l infratuzilmasi uchun zarur ehtiyot qismlar, temir-beton shpallar, relslar va strelkali o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar Germaniya temir yo‘llarida ishlash uchun o‘qitilishi haqida yozgandi.

Deutsche Bahn kurslarga 500 nafar mutaxassisni jalb qiladi. Yiliga 30 ming kishi uchun esa Telc imtihon markazlarini ochish rejalashtirilgan.