Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bir nechta O‘zbekiston-Germaniya loyihalariga, jumladan, Toshkentdagi Volkswagen zavodiga start bergani haqida xabar berilgandi.
Professional ta‘lim sohasiga oid ikkita loyiha Migratsiya agentligi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Ularning har birining qiymati $1 mlndan oshadi, deya ta‘kidladi agentlik.
Intil professional ta‘lim markazida Deutsche Bahn (DB) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan temir yo‘l sohasida 500 nafar mutaxassisni maqsadli o‘qitish dasturi boshlandi.


Dastur ishtirokchilari xalqaro standartlarga muvofiq nemis tili va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rganadi. O‘qishdan so‘ng ular Germaniya temir yo‘llari tizimida yuqori maoshli ish topishlari mumkin.
Shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston-Germaniya iqtisodiy hamkorlik byurosi (DUWK) va Profi Deutsch o‘quv markazi ishtirokida tashkil etilgan Telc sertifikatini olish uchun nemis tili imtihonlarini topshirish markazi ochildi. Ushbu sertifikatlar Germaniya, Avstriya va Shveysariyadagi barcha oliy o‘quv yurtlari va ish beruvchilar tomonidan tan olinadi.
Imtihon markazlari tarmog‘i bosqichma-bosqich O‘zbekiston hududlarini qamrab oladi, deya qayd etadi agentlik. Har yili 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar nemis tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda o‘qish va ishlash uchun xalqaro darajadagi sertifikatlarni olish uchun test topshirishlari mumkin bo‘ladi.



Agentlik rahbari Behzod Musayev DB bilan hamkorlikda 2500 nafargacha kishini tayyorlash rejalari haqida gapirdi. Temir yo‘l mutaxassislaridan tashqari, tomonlar kompaniya tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan yo‘nalishlarda avtobus haydovchilarini o‘qitishni rejalashtirmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Germaniyada umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish, yuk tashish, tibbiyot va boshqa sohalarda 5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Mamlakatda eng kam ish haqi 2200−2500 yevroni tashkil etadi, shuningdek, ishchilar keng ijtimoiy kafolatlarga ega.
Spot, avvalroq, Termizda mehnat migrantlari uchun yagona migratsiya markazi ochilgani haqida yozgandi.




