Termez shahrida hududlarda ochilayotgan birinchi Yagona migratsiya markazi ish boshladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlikning viloyat filiali negizida tashkil etilgan mazkur markaz O‘zbekiston hududlarida birinchi shunday muassasa bo‘ldi.
Uning xodimlari migrantlarga viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beradi, shuningdek, bepul maslahatlar beradi.
Bundan tashqari, markazda xorijiy tillar va jahon mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilar xalqaro sertifikatlar olish uchun imtihonlarni shu yerda topshirishlari mumkin bo‘ladi.




Yagona migratsiya markazi hududida bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan front-ofis, shuningdek, 50 o‘rinli imtihon zali, muzokaralar xonasi va 100 o‘rinli o‘quv xonalari mavjud.
Markaz xorijda yuqori maoshli ishga joylashishning barcha bosqichlarini qamrab oluvchi yagona ekotizimning asosi sifatida tashkil etilmoqda.
Agentlikka ko‘ra, u tartibli va xavfsiz migratsiya uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot yana ikkita xususiy bandlik agentligi o‘z litsenziyasidan voz kechgani haqida yozgandi.



