Migratsiya agentligi may oyi boshidan buyon ikkita xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziyalarni bekor qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
12-maydan boshlab Workmall kompaniyasiga 2024-yilda berilgan ruxsatnomaning amal qilishi to‘xtatildi. Oradan o‘n kun o‘tib — 22-may kuni agentlik Etos rekruting firmasining 2025-yil aprel oyida olgan litsenziyasini bekor qildi.
Har ikki kompaniya ham o‘z arizasiga binoan litsenziyadan voz kechgan, deya ta‘kidladi agentlik. Qonunchilikka muvofiq, hujjatlarning amal qilishi to‘xtatilgan kundan boshlab, ularga O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.
Workmall bo‘yicha shikoyat va arizalar 30-maygacha, Etos bo‘yicha esa 20-iyungacha (+998) 71 202 33 55 (ichki 171, 711) telefon raqami orqali qabul qilinadi.
Aprel oyida NPS Personal xususiy bandlik agentligi litsenziyasining amal qilishi to‘xtatilgan edi. Shu bilan yil boshidan buyon yopilgan rekruting firmalari soni uchtaga yetdi.
Agentlik saytidagi reyestr ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 51 ta bandlik agentligi mavjud — bu NPS Personal litsenziyasi bekor qilinganidan keyingi ko‘rsatkich bilan bir xil. Bitta kompaniya may oyida, uchtasi aprelda, yana yettitasi esa yanvar-mart oylarida ruxsatnoma olgan.
Avvalgidek, rekruting firmalarining asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan. Ayni paytda, ularning Samarqanddagi soni 9 taga yetgan, boshqa hududlarda esa o‘zgarmagan (Buxoroda — 3 ta, Namanganda — 2 ta, Andijon va Qarshida — bittadan).
Spot, avvalroq, O‘zbekiston AQSH bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishgani haqida yozgandi.