O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida o‘tgan Xalqaro migratsiyani ko‘rib chiqish forumi (IMRF) doirasida bir qator xalqaro tashkilot va kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasbiy va til tayyorgarlik tizimi hamda xalqaro hamkorlik natijalari haqida axborot berdi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Ugochi Deniyels bilan mamlakatidan tashqarida ishlayotganlar huquqlarini ta’minlash, hamda Toshkentda o‘tkaziladigan Xalqaro Migratsiya forumni tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda AQSHning Logan University tibbiyot universiteti bilan AQSH mehnat bozori uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, Missouri Trucking School haydovchilik maktabi vakillari bilan 160 soatlik maxsus o‘quv dasturi orqali yuk avtomobili haydovchilarini AQSH standartlari asosida tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmi muhokama qilindi.

AQSH qishloq xo‘jaligi ish beruvchilari kengashi va Migratsiya agentligi o‘rtasida ish beruvchilar ishtirokida mehnat forumi tashkil etish, mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Head Honchos mavsumiy ish rekruting tashkiloti bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, Amerikada O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlar salohiyatini targ‘ib qilish, 8−10 haftalik tayyorlov dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Shu bilan birga, Ballon Stoll yuridik firmasi bilan AQSHda O,H-2A, H-2B, H-1B va E vizalari orqali ish imkoniyatlari hamda ushbu malakatda ishlayotgan o‘zbekistonliklar huquqiy himoyasi mexanizmlarini kuchaytirish to‘g‘risida muloqot olib borildi.


Avvalroq Spot Qatar Airways O‘zbekistondan 1600 dan ortiq mutaxassisni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.