2026-yilning yanvar−sentabr oylarida O‘zbekistonda fuqarolarga nisbatan 39 mingdan ortiq firibgarlik holati qayd etilgan. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Regulyator Ichki ishlar vazirligining Cardblock platformasida ro‘yxatga olingan firibgarlik holatlari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlari tahlilini e’lon qildi.

Kiberjinoyatlar natijasida aholiga yetkazilgan moddiy zarar 278,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Tezkor choralar natijasida 113,1 mlrd so‘m bloklandi.

Firibgarlik holatlaridan eng ko‘pi mobil qurilmalarga zararli dasturlar o‘rnatilishi bilan bog‘liq bo‘lib, 18 830 ta holatda fuqarolar 79,3 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Firibgarlarning telefon orqali bergan ko‘rsatmalarini bajarish oqibatida 611 ta holat qayd etilib, fuqarolar 27,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Telegram akkauntlarini egallab olish bilan bog‘liq 2 808 ta holatda 21,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Soxta savdo platformalari va treyding orqali daromad topish va’dalari bilan bog‘liq 1 044 ta holatda zarar 15,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. “Moliyaviy piramida” alomatlariga ega sxemalarga pul kiritish bilan bog‘liq 1 086 ta holatda fuqarolar 14 mlrd so‘m yo‘qotgan.

Internet orqali mahsulot yoki xizmat xarid qilish uchun oldindan to‘lov amalga oshirilib, va’da qilingan mahsulot yetkazilmagan yoki xizmat ko‘rsatilmagan 3 571 ta holatda zarar 10,5 mlrd so‘mga yetgan.

Shuningdek, firibgarlar kreditni to‘xtatish bahonasida fuqarolarni aldab, ular nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq 130 ta holat qayd etilgan. Zarar — 10,6 mlrd so‘m.

Onlayn o‘yinlar uchun to‘lov qilish jarayonidagi firibgarliklar bo‘yicha 272 ta holatda 0,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bank kartalari va elektron hamyonlardan pul yechib olingan, biroq murojaatlarda firibgarlik turi ko‘rsatilmagan 11 475 ta holatda zarar 98,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, ayrim fuqarolar kartalaridan pul yechib olinishini firibgarlik holati deb o‘ylab ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Natijada kredit qarzdorligi bo‘yicha avtomatik undiruv amalga oshirilgani aniqlangan. Bu bilan bog‘liq 2 737 ta murojaat qayd etilib, mablag‘ miqdori 7,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Ayni paytda firibgarlik holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Markaziy bank fuqarolarga noma’lum manbalardan APK fayllarni yuklamaslik, bank kartasi ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini begonalarga bermaslik, Telegram hisobda ikki bosqichli himoyani yoqish hamda shubhali investitsiya takliflariga ishonmaslikni tavsiya qildi.

Avvalroq Spot 2026-yil O‘zbekistonda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani haqida yozgan edi.