2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yordamida 69 962 ta jinoyat sodir etildi. Bu haqda 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ushbu jinoyatlarning asosiy qismi elektron to‘lov tizimlari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Shuningdek, Ashropov kiberhujumlardan himoyalanish uchun Apk Qo‘riqchi dasturi ishlab chiqilganini ham qayd etdi. Dastur fuqarolarni APK fayllari orqali sodir etiladigan firibgarlikdan himoyalashga mo‘ljallangan, hozirga qadar ilovaga 3 mln kishi ulangan.

Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sa’dullayev kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar miqdoriga to‘xtaldi.

Unga ko‘ra, ushbu davrda kiberjinoyatlar natijasida 1 trln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Tergov harakatlari davomida 210 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ egalariga qaytarilgan.

Sa’dullayevning aytishicha, pul noqonuniy yechib olinganini sezgan fuqarolar darhol 102 raqamiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi kerak. Tezkor xabar berish o‘g‘irlangan mablag‘ni saqlab qolish imkoniyatini oshiradi. Kechikib murojaat qilinganda esa pul boshqa davlatlarga o‘tkazib yuborilishi mumkin.

firibgarlik, iiv, kiberfiribgarlik, kiberjinoyat

Jahongir Sa’dullayev. Foto: IIV

Departament boshlig‘i o‘rinbosari hozirda firibgarlar asosan to‘rtta usulda aholi mablag‘larini o‘zlashtirayotganini qayd etdi. Ulardan eng keng tarqalgani esa zararli APK fayllardir. Uning ta’kidlashicha, kiberjinoyatlarning qariyb 50% i bunday fayllar orqali sodir etiladi. Firibgarlar APK dasturlarni to‘y taklifnomasi, fotosurat yoki ta’ziya xabari ko‘rinishida yuborishi mumkin.

“Agar biz mana shu virusni bugun to‘xtatadigan bo‘lsak, undan jabr ko‘rayotgan 50% xalqni saqlab qolgan bo‘lamiz”, — dedi u.

Ikkinchi keng tarqalgan usul — soxta havolalar. Sa’dullayev fuqarolarni shubhali fayllarni ochmaslikka, soxta havolalar va zararli fayllardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Onlayn savdoda mahsulotni ko‘rmasdan yoki sotuvchining ishonchliligini tekshirmasdan turib oldindan pul o‘tkazish xavfli ekanini ta’kidladi.

Departament boshlig‘i o‘rinbosari pulni qisqa muddatda ikki baravar ko‘paytirib berishni va’da qiladigan soxta investorlar va treyderlarga ishonmaslikka chaqirdi. Shuningdek, o‘zini bank, ichki ishlar yoki boshqa davlat organi xodimi deb tanishtirib qo‘ng‘iroq qilgan shaxslarga ishonmaslik kerak. Sa’dullayevning aytishicha, davlat organlari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning shaxsiy ma’lumotlarini so‘ramaydi.

“Oddiy qoida — shaxsiy ma’lumotingiz va SMS kodlarni, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni yoki sizni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa ma’lumotlarni hech qachon begona shaxsga bermang”, — dedi Jahongir Sa’dullayev.

Avvalroq Spot O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning 90% i chet davlatlardan turib amalga oshirilayotgani haqida yozgan edi.