O‘zbekistonda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning 90%i chet davlatlardan turib, transchegaraviy tarzda amalga oshirilmoqda. Bu haqda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov aholi va keng jamoatchilikka yo‘llagan murojaatida ma‘lum qildi.
U fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda kelgan shubhali va noma‘lum fayllarni, ayniqsa APK formatidagi fayllarni ochmaslik va yuklab olmaslikka chaqirdi. Bunday fayllar hatto yaqin insonlardan kelgan bo‘lsa ham, ularni ochmaslik kerakligini ta‘kidladi.
“Notanish raqamlardan kelgan va o‘zini turli idora xodimi deb tanishtirgan shaxslarning gapiga soddalik bilan ishonmang. Hech qachon telefon orqali kod yoki parol so‘ralmaydi”, — dedi Ramazon Ashropov.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari pulni qisqa vaqt ichida bir necha barobar ko‘paytirishni va‘da qiluvchi soxta onlayn platformalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Bundan tashqari, onlayn savdolarda sotuvchining ishonchliligiga amin bo‘lmasdan oldindan to‘lov qilmaslik, bank kartasining PIN-kodi va telefonga kelgan SMS-kodlarni hech kimga bermaslik kerakligini qayd etdi.
Joriy yilning mart oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda banklar va to‘lov tashkilotlari kiberjinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lishi taʼkidlangandi.
Aprel oyidagi qonunchilik palatasi majlisida ikkita qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Iyul oyida esa kiberjinoyatlarga qarshi kurashga oid ikkita qonun loyihasi Senatga yuborilgan edi.
Spot avvalroq Buxoroda 60 dan ortiq fuqaroning pullarini APK fayllar orqali o‘g‘irlagan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.