Qonunchilik palatasida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga oid ikkita qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Deputatlar axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Loyihada kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatida ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi ushbu yo‘nalishda vakolatli organ sifatida belgilanyapti.
Davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari hamda Internet-provayderlarining mas‘uliyati oshirilmoqda. Axborot xavfsizligini ta‘minlash, shubhali moliyaviy operatsiyalarni muntazam monitoring qilish va vakolatli organlarga tezkor axborot taqdim etish kabi vazifalar shular jumlasidan.
Kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish instituti joriy etilyapti.
Loyiha doirasida kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham joriy etilmoqda.
Xususan, shubhali tranzaksiyalarni monitoring qilish orqali ularni tezkor to‘xtatish, salbiy omillarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Alohida e‘tibor “moliyaviy piramida” ko‘rinishidagi firibgarlik sxemalariga qarshi kurashishga qaratilmoqda. Bunday noqonuniy faoliyatlarni barvaqt aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, sohada kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalari ham qamrab olingan.
Shuningdek, deputatlar kiberxavfsizlikni ta‘minlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Loyiha bilan bank kartalari, elektron va kripto-hamyonlar hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi ma‘lumotlarni qonunga xilof ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun ma‘muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan foydalanish holatlari uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.
Loyihada muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma‘muriy javobgarlik belgilanyapti.
Bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli yuzaga kelgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash mexanizmi joriy etilmoqda.
Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Tergov organlariga bank ma‘lumotlarini taqdim etishning aniq muddatlarini belgilash hamda ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qat‘iylashtirish taklif etilmoqda.