Markaziy bank 2027-yil yakunlari bo‘yicha 5% lik inflyatsion targetga erishish uchun jiddiy xatarlarni ko‘rmayapti. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Yalpi majlisda Senat Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Senator Ikromxon Najmiddinov ning savoliga javob berar ekan, regulyator rahbari so‘nggi yillarda inflyatsiyaning maqsadli darajasiga erishish bir necha bor kechiktirilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlar dinamikasiga ham ichki, ham tashqi monetar va nomonetar omillar ta’sir ko‘rsatadi.
Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bank prognozlari joriy makroiqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda shakllantiriladi, biroq tashqi yoki ichki omillar o‘zgarganda ular tuzatiladi. U bunday omillar qatorida 2024-yilda boshlangan va bir necha yilga cho‘zilgan energiya tariflarini bosqichma-bosqich liberallashtirishni sanab o‘tdi.
“Biroq, inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy ichki omillar iqtisodiyotda yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, fiskal xarajatlarning ushbu rejalashtirilgan [ko‘rsatkichlardan] oshishidir. Shu bilan birga, tashqi xatarlar ham o‘z [salbiy] ta’sirini ko‘rsatdi”, — deya tushuntirdi Ishmetov.
Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, may oyida yillik inflyatsiya 5,5% gacha sekinlashgan, shuning uchun regulyator kelgusi yilda maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun keskin xatarlarni ko‘rmayapti va jiddiy og‘ish holatlarini kutmayapti.
Asosiy ichki xatar yalpi talabning iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatidan oshib ketishi bilan bog‘liq. Aholi daromadlari va pul massasining o‘sishi tovarlar ishlab chiqarish va taklifning taqqoslanadigan darajada ko‘payishi bilan birga kechmaydi, budjet xarajatlarining rejadan tashqari yanada kengayishi esa qo‘shimcha inflyatsion bosim ko‘rsatadi.
Tashqi xatarlar ham saqlanib qolmoqda. Xususan, geosiyosiy keskinlik, jahon bozorida yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, logistika xarajatlarining oshishi qo‘shimcha inflyatsion bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Bizning hozirgi prognozimizda barcha xatarlar inobatga olingan. Biroq, agar ular kutilgan darajadan keskin farq qilsa, bu albatta natijaga ta’sir qilishi mumkin. Shunga qaramay, yana bir bor aytaman, kelgusi yil prognozida 5%lik ko‘rsatkichga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan jiddiy xavflarni ko‘rmayapmiz”, — dedi Timur Ishmetov.
May oyida yillik inflyatsiya 2017-yildan beri birinchi marta 5,5% gacha pasaydi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, narxlarning yillik o‘sish sur’ati aprel oyiga nisbatan 1,5% ga, o‘tgan may oyiga nisbatan esa 3,2% ga sekinlashgan. Oylik inflyatsiya darajasi ham keskin pasayib, 0,2% ni tashkil etdi.
Avvalroq Spot banklarga mijozlarning tizimli muammolarini hal qilish majburiyati yuklatilishi mumkinligi haqida yozgan edi.