Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida Slavyan karvoni nomli ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezd yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lkonteyner xabar berdi.

Mazkur blok-poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga davlat tashrifi davomida belgilangan.

30-iyul kuni Belarusning Orsha-Vostochnaya stansiyasidan Chuqursoy stansiyasiga yo‘l olgan poyezd tarkibi 71 shartli vagondan iborat.

Unda yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari, omixta yem hamda boshqa turdagi yuklar tashilmoqda.

Dastlabki bosqichda blok-poyezd qatnovlarini oyiga ikki marta amalga oshirish rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, yangi temiryo‘l yo‘nalishi Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi yuk tashish hajmini oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuvi arafasida ikki tomonlama savdo hajmini yiliga $2 mlrdga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.

Spot, avvalroq, Orshada O‘zbekiston yuklari uchun logistika markazi ochilishi haqida yozgandi.