Avvalroq prezident Belarusga tashrif davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
O‘zaro savdoni jadallashtirish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yil yakuniga qadar Belarus temir yo‘llari bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun maqbul tariflar asosida xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish belgilandi.
Shuningdek, Belarus kompaniyalari bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi.
Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1100 nafar O‘zbekiston fuqarosini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Sentyabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta‘minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.
Tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablag‘ o‘tkazish va loyihalariga moliyaviy resurslar olishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
Vitebskda zamonaviy sutchilik majmuasi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi va logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni qulay shartlarda ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari har bir kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rniga aylanishi shartligini ta‘kidladi.
Mutasaddilarga erishilgan natijalarni tizimli nazorat qilish va “yo‘l xaritalari” ijrosini tanqidiy tahlil qilib borish topshirildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Belarus MTZ traktorlari ishlab chiqarishni yiliga 3 ming donagacha oshirishi haqida yozgandi.