Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat tashkiliy yollash doirasida O‘zbekistondan yana 5 ming nafar ishchini qabul qilishni rejalashtirayotganini ma‘lum qildi. Bu haqda u 14-iyul kuni Vitebsk viloyatiga tashrifi chog‘ida, O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik muhokamasi vaqtida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval Vitebsk viloyatiga O‘zbekistonning dastlabki 250 nafar fuqarosi yetib kelgan va ish joylariga taqsimlangan. Sentabr oyidan boshlab mintaqaga umumiy soni 5 ming kishiga yetgunga qadar har oy yana 500 nafardan odam yuborish rejalashtirilgan.
Bunda o‘zbekistonliklarni nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalariga, shuningdek, kichik tibbiyot xodimi sifatida ishlashga ham jalb qilish ko‘zda tutilgan. Ularning barchasiga yashash va mehnat qilish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishi va‘da qilinmoqda.
“Qishloqlarimizda ozmi-ko‘pmi normal sharoitli uylar bor. Birgalikda tartibga keltiramiz. Va nima qursak, hammasini odamlar uchun quramiz. O‘zbeklar uchunmi, belaruslar uchunmi — farqi bo‘lmaydi. Farzandlaringiz bolalar bog‘chasiga, maktabga belaruslar bilan bir xil shartlarda boradi. Bu yerga kelgach, ular biz uchun begona emasligini bilishlari kerak. Faqat bir narsa — ishlashlari shart”, — dedi Aleksandr Lukashenko.
Belarus rahbari hamkorlikni nafaqat Vitebsk viloyatida, balki Mogilyov viloyatining janubi-sharqida ham kengaytirishni taklif qildi. Uning qayd etishicha, hukumat mintaqaga qancha ishchi va qanday mutaxassisliklar zarurligini aniqlab beradi.


Mehnat migratsiyasidan tashqari, tomonlar qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalarni rivojlantirmoqda. Xususan, Vitebsk viloyatining yettita tumanida qoramollarni bo‘rdoqiga boqish uchun mo‘ljallangan 10 ta bino, shuningdek, 8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini O‘zbekiston tomoniga topshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar O‘zbekistonga yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik hamkorlar Beshenkovichi tumanida kartoshka yetishtirish uchun 2 ming gektar yer oladi. Belarus ekish materiallari, texnologiyalar, mutaxassislar va zarur saqlash infratuzilmasini taqdim etadi. Shuningdek, O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokida yog‘ochni qayta ishlash korxonasini qurish, yoqilg‘i pelletlari ishlab chiqarish, o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirokida qurilish trestini tashkil etish, O‘zbekiston mahsulotlari savdo uyini, o‘zbek taomlari restoranini va o‘zbekistonliklar uchun sayyohlik bazasini ochish loyihalari ham muhokama qilinmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan uchrashuv chog‘ida Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan hamkorlikni “birodarlarcha” rivojlantirish niyatida ekanini va agrosanoat majmuasida, jumladan, qayta ishlash korxonalarini qurish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ta‘kidladi.
13-iyul kuni Belarusga qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda ishlash uchun 255 nafar andijonlikdan iborat birinchi guruh yetib keldi. Loyiha Andijon viloyati hokimligi, Migratsiya agentligi hamda Vitebsk viloyati Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya qo‘mitasi o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda.
Tashkiliy tarzda ishga yollash 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning Minskka davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida tegishli kelishuv imzolanganidan so‘ng mumkin bo‘ldi. Hujjat O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda vaqtinchalik ishlashga jalb qilish tartibini belgilaydi.
Muzokaralar davomida prezident Aleksandr Lukashenko, shuningdek, mamlakatda ishchi kuchi yetishmasligini ta‘kidlab, o‘zbekistonliklarni Belarusga oilalari bilan ishlashga kelishga taklif qildi.
“O‘zbekistonda suv tanqis, yer ham ko‘proq bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Bizda, Belarusda bu bor. Ba‘zan ishchi kuchi yetishmaydi. Shu sababli biz o‘zbekistonliklar oilalari bilan Belarusga kelib, shu yerda o‘rnashib, yordam — sog‘liqni saqlash, zarur bo‘lsa, ta‘lim olib, rivojlanishlarini xohlardi”, — deya ta‘kidladi Lukashenko.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklarning Belarusda ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati 3 kundan 10 kunga uzaytirilishi haqida yozgandi.


