O‘zbekiston va Belarus ikki davlat fuqarolarining ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini 3 kundan 10 kunga uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Amir Sultonov prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi yakunlarini sharhlar ekan, O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, tegishli o‘zgartirishlar ikki davlat rahbarlari ishtirokida imzolangan Fuqarolarning o‘zaro sayohatlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi protokolda mustahkamlab qo‘yilgan.

“Fuqarolarning o‘zaro sayohatlari to‘g‘risida imzolangan protokol mamlakatlar hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini 3 kundan 10 kunga uzaytiradi. Bu qarindoshlar va do‘stlarni yo‘qlash, turistik va ishbilarmonlik tashriflarini ancha qulaylashtiradi”, — deya ta‘kidladi Amir Sultonov.

aleksandr lukashenko, belarus, prezident, shavkat mirziyoyev, tashqi ishlar vazirligi

9-iyul kuni muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, 2026−2030-yillarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” hamda qishloq xo‘jaligi, fan, madaniyat, turizm, ijtimoiy himoya, mehnat migratsiyasi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohalarida qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

O‘zbekiston va Belarus hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro sayohatlari to‘g‘risidagi bitim 2005-yil 19-yanvarda Toshkent shahrida imzolangan. Hujjat 2006-yil 25-iyulda kuchga kirgan va muddatsiz amal qiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Belarus MTZ traktorlari ishlab chiqarishni yiliga 3 ming donagacha oshirishi haqida yozgandi.