Avvalroq O‘zbekiston prezidenti 8−9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning muzokaralari yakunlari bo‘yicha tomonlar Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani va 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Lukashenko mashinasozlik sohasidagi kooperatsiyaga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yil ichida O‘zbekistonda Minsk traktor zavodining (MTZ) 1300 ga yaqin traktori yig‘ilgan va ayrim modellar bo‘yicha mahalliylashtirish darajasi tez orada 30% dan oshadi.

“Yaqin kelajakda ishlab chiqarish hajmi yiliga 3000 donaga yetishini kutmoqdamiz. Servis tarmog‘i yaratildi, firma o‘quv sinfini ochish rejalashtirilmoqda”, — dedi u va Belarus o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitish uchun konveyerga qabul qilishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ikki yil avval Toshkent viloyatida to‘liq siklli parrandachilik majmuasi ishga tushirilgan edi. Shuningdek, Lukashenko yangi kelishuv haqida ma‘lum qildi: o‘zbekistonlik investorlar Vitebsk viloyatiga kelib, yer uchastkalarini olishlari va O‘zbekistonga yetkazib berish uchun go‘sht, sut va parranda go‘shti ishlab chiqarishni tashkil etishlari mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu har ikki tomon uchun ham foydali — O‘zbekiston o‘zida ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotga, Belarus esa yangi ish o‘rinlari va qishloq hududlarining rivojlanishiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, Belarus O‘zbekistonga davlat zaxirasi ehtiyojlari uchun muzlatilgan mol go‘shti, shakar, sariyog‘, go‘sht konservasi va quyultirilgan sut yetkazib berishga tayyor.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi munosabatlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich — $1 mlrdga yaqinlashdi. Lukashenko 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni ikki baravarga oshirish mumkinligiga ishonch bildirdi.

“Katta rejalarimizni hayotga tatbiq etish uchun hukumatlar besh yillik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ‘yo‘l xaritasi‘ni tayyorladi. Tonnasi, donasi, mas‘ullari, muddatlari aniq”, — deya ta‘kidladi u va ishlab chiqarish kooperatsiyasi O‘zbekistonning texnologik suverenitetiga salmoqli hissa qo‘shadigan asosiy unsur ekanini qayd etdi.

Boshqa kelishuvlar qatorida Belarusning O‘zbekistonda AES qurilishi munosabati bilan atom energetikasi sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligi hamda Belarus hududlarida O‘zbekiston savdo uylarini ochishni qo‘llab-quvvatlashi ham bor.

Lukashenko, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini oilalari bilan Belarusga ishlashga taklif qildi va o‘zbekistonlik yoshlarning Belarus oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim olishi uchun grantlar ajratishni davom ettirish niyatida ekanligini bildirdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi.