So‘nggi ikki yilda sun’iy intellekt texnologiyalari o‘n minglab tibbiy ma’lumotlarni qayta ishlashga yordam bergan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov 23-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida hisobot berdi.

Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimi AI MAMMO 54 mingdan ortiq mammografiya tekshiruvi natijasini tahlil qildi.

Shifokorlarga yordam beruvchi AI TOP3-CDSS platformasi 6 mingdan ortiq klinik holatni o‘rgandi.

AI Stroke tizimi insult bilan bog‘liq 2,5 mingdan ortiq holatni qayta ishladi.

AI Med-STT nutqni tanish texnologiyasi shifokor va bemorlar o‘rtasidagi 2,5 mingdan ortiq suhbatni matn shaklida hujjatlashtirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026-yil oxirigacha oltita sun’iy intellekt tizimini to‘liq ishga tushirishni, yana uchtasini esa sinov tariqasida joriy etishni rejalashtirmoqda.

Bu tashxis qo‘yishni tezlashtirishi, kasalliklarni erta aniqlash imkonini berishi va shifokorlarning yuklamasini kamaytirishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya sohalarida bemorlarni masofadan kuzatish va nutq orqali tashxis qo‘yish uchun 10 tagacha sun’iy intellekt yechimi joriy etilishi haqida yozgandi.