Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 24-noyabr kuni O‘zbekiston — Iordaniya biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Tadbirda ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 9 barobar, 2025-yilda esa 80% ga oshgan. O‘zbekistonda iordaniyalik investorlar ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim 300 turdagi tovarga nisbatan pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qo‘llashni nazarda tutishi qayd etildi.



Prezident ushbu bitim o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish, tovar ayirboshlash hajmini $500 mln ga yetkazish uchun zamin yaratishiga ishonch bildirdi. Mamlakat yetakchisi iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi.
Birinchisi — to‘qimachilik sanoati. O‘zbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlari asosida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish taklif etildi.
Ikkinchisi — tog‘-kon sanoati. Iordaniyalik investorlar muhim minerallar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan Kelajak metallari texnoparklarida hamkorlik qilishga taklif etildi.
Farmatsevtika sanoati. Yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni birgalikda mahalliylashtirish va ilg‘or texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Bu borada iordaniyalik sheriklar uchun Tashkent Pharma Park klasterida zarur sharoit va imtiyozlar yaratilishi ta’kidlandi.
Kimyo sanoati. Ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini birlashtirgan holda raqobatbardosh mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi. Ozuqa qo‘shimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar olqishlandi.
Qishloq xo‘jaligida esa qo‘shma agrosanoat klasterlarini tashkil etish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish orqali ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.
Forumda turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi ham ko‘tarildi. O‘zaro vizasiz tartib va Toshkent — Ammon yo‘nalishidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sayyohlar oqimini oshirish uchun imkoniyat yaratishi qayd etildi.
Tadbir doirasida charm sanoati, teletibbiyot, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika va logistika sohalarida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.



Kelgusi yil mart oyida Toshkentda navbatdagi O‘zbekiston — Iordaniya biznes forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Davlat rahbari iordaniyalik sheriklarni ushbu tadbirda yangi taklif va tashabbuslar bilan faol ishtirok etishga, O‘zbekiston tadbirkorlarini esa Iordaniya bozoridagi imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirdi.
Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosi Hukumatlararo komissiya tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilgani haqida yozgan edi.





