CEOWORLD Magazine nashri tomonidan 2027-yilgi Travel Safety Ranking reytingi e’lon qilindi. Reytingda O‘zbekiston sayohat xavfsizligi darajasi juda yuqori deb baholangan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Reytingda O‘zbekiston “eng yuqori xavfsizlik” (Very High) toifasiga kiritilgan. Bunda mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik, jamoat tartibi hamda ichki osoyishtalik asosiy omillar sifatida baholangan.
Shuningdek, 2026-yilgi Global Peace Index natijalarida ham O‘zbekiston dunyoning tinch mamlakatlari qatorida qayd etilgan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham reytingdan joy olgan. Xususan, Qozog‘iston 44-o‘rin, Turkmaniston 57-o‘rin, Qirg‘iziston 65-o‘rin va Tojikiston 73-o‘rinni egallagan.
Reytingning dastlabki o‘ntaligidan Singapur (89,72 ball), Yaponiya (88,91), Islandiya (88,73), Sloveniya (88,63), Shveysariya (88,47), Chexiya (86,63), Finlyandiya (86,50), Avstriya (86,49), Portugaliya (86,17) va Tayvan (85,44) joy oldi.

Ma’lumot uchun, CEOWORLD Magazine xalqaro biznes, iqtisodiyot, moliya, texnologiya va sayohat yo‘nalishlarini yorituvchi ingliz tilidagi onlayn nashr hisoblanadi. Uning auditoriyasi dunyoning 180 dan ortiq mamlakatidagi 12,4 mln nafardan ziyod o‘quvchini qamrab oladi.
Avvalroq AQSH Davlat departamenti ham O‘zbekistonni amerikalik sayyohlar uchun xavfsiz sayohat yo‘nalishi sifatida baholagan edi. Mamlakatga to‘rt darajali sayohat xavfsizligi tavsiyalari tizimining birinchi darajasi — “Exercise Normal Precautions” (odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish) belgilangan.
Bu sayyohlar xavfsizlik bilan bog‘liq eng past darajadagi xavflarga duch kelishini va mamlakatga odatiy ehtiyot choralariga rioya qilgan holda tashrif buyurishi mumkinligini anglatadi.
AQSH Davlat departamenti xalqaro sayohatlar bo‘yicha xavfsizlik tavsiyalarini to‘rt darajaga ajratadi:
Exercise Normal Precautions — odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish.
Exercise Increased Caution — xavfsizlik borasida qo‘shimcha ehtiyotkorlik.
Reconsider Travel — sayohatni qayta ko‘rib chiqish.
Do Not Travel — sayohat qilmaslik tavsiya etiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonga 10 oyda 11,6 mln xorijlik turist kelgani haqida yozgandi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,9 mln kishiga ko‘p. Eng ko‘p turist Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan keldi.