O‘zbekistonda sun’iy intellekt tizimlarini yaratish va ulardan foydalanishda bir qator tamoyillar belgilandi. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.
Majlisda deputat Ziyodbek Yunusov sun’iy intellektning jamiyat hayotiga tez kirib kelishi shaxsiy hayot daxlsizligi, algoritmik adolat, shaffoflik va javobgarlik kabi masalalarni kun tartibiga olib chiqayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonda sun’iy intellekt tizimlarini yaratish va ulardan foydalanishda qanday axloqiy tamoyillar belgilanganini so‘radi.
Shermatovning aytishicha, sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etishda qo‘llaniladigan etika qoidalari vazirlikning idoraviy buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Hozirda vazirlikda ushbu qoidalar asosida ish yuritiladi. Ularni ishlab chiqishda YUNESKO, OECD va ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari hisobga olingan.
“Sun'iy intellektni yaratishda, albatta, uni birinchi navbatda inson manfaatlari uchun ishlatish kerak. Tizimlar insonlarni yo‘q qilish yoki qiynash uchun emas, insonlar manfaatiga xizmat qilishi lozim”, — dedi vazir.
Qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlari, birinchi navbatda, inson manfaatlariga xizmat qilishi, kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, adolatli, shaffof va tushunarli bo‘lishi kerak. Shuningdek, shaxsiy hayot daxlsizligi va ma’lumotlarni himoya qilish, tizimlarning xavfsizligi hamda ishonchliligini ta’minlash, inson nazorati va javobgarligini saqlash talablari belgilangan.
Vazir sun’iy intellekt inson huquqlariga daxldor yuridik ahamiyatga ega qarorlarni mustaqil qabul qilmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday tizimlar har doim ham to‘g‘ri javob bermasligi mumkin, shu sababli qaror qabul qilish jarayonida inson ishtirok etishi zarur.
“Chunki sun’iy intellektda baribir gallyutsinatsiya bo‘ladi, ya’ni har doim ham to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydi. Agar unga asosan insonning huquqiy erkinligini belgilaydigan bo‘lsak, bu albatta ertaga noto‘g‘ri oqibatlarga olib keladi”, — dedi u.
Shermatov, shuningdek, joriy yil yanvar oyida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazmasligini nazarda tutuvchi qonun qabul qilinganini eslatdi.
U kelgusida sun’iy intellekt etikasi qoidalarini ham qonun darajasiga olib chiqish masalasini ko‘rib chiqish mumkinligini bildirdi. “Sizlar bilan birga ishlab, balki taklif kiritamiz”, — deya xulosa qildi vazir.
Mart oyida sun’iy intellektni yaratish, joriy etish va undan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi. Hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlari qonuniylik, shaffoflik, adolatlilik va xavfsizlik tamoyillariga amal qilishi, inson huquqlari hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishi kerak.
Avvalroq Spot O‘zbekfilm neyrotarmoqlar yordamida film suratga olishni boshlashi haqida yozgan edi.