Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik bojxona posti 25-noyabrdan ochildi. Ushbu chegara bojxona postini rekonstruksiya qilish natijasida uning hududi 6 gektardan 9 gektarga kengaytirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Post infratuzilmasi to‘liq yangilangan. Xususan, fuqarolar uchun yo‘laklar soni 4 tadan 8 taga, yengil avtomobillarni nazoratdan o‘tkazish yo‘laklari 4 tadan 18 taga, avtomobil to‘xtash joylari esa 20 tadan 200 taga yetkazildi.



Postning kunlik o‘tkazuvchanligi:
- fuqarolar bo‘yicha 31 ming nafardan 100 ming nafarga;
- yengil avtomobillar bo‘yicha 750 tadan 3 000 taga;
- avtobuslar bo‘yicha 70 tadan 400 taga oshdi.
Bu avvalgiga nisbatan fuqarolar oqimini 3 barobardan ko‘proq, yengil avtomobillarni 4 barobar, avtobuslarni esa qariyb 6 barobar ko‘proq qabul qilish imkonini beradi.
Postda 3 ta inspeksion ko‘rik majmuasi, 10 ta rentgen apparati, 2 ta Body Scanner qurilmasi, 6 ta radiatsion portal monitori, 188 ta kuzatuv kamerasi va 5 ta videoserver o‘rnatildi.
Shuningdek, pasport nazorati kabinalari, E-Gate tizimi va infokiosklar qo‘yilgan. Yengil avtomobillar va avtobuslar harakatini tezlashtirish uchun Smart Customs Border tizimi joriy etildi.



Boshqa chegara bojxona postlaridan farqli ravishda bu yerga ilk bor yengil avtomobillar va avtobuslar uchun skaner qurilmalari o‘rnatildi. AQShdan keltirilgan Z Portal qurilmasi soatiga 100 ta yengil avtomobil va 50 ta avtobusni tekshirishga mo‘ljallangan. U transport vositasiga yashirilgan va deklaratsiyada ko‘rsatilmagan tovarlarni aniqlaydi.
Avtomobil skanerdan o‘tgach, tasvirlar bojxona organiga uzatiladi. Tahlil natijasiga ko‘ra transport yo‘lga qo‘yib yuboriladi yoki chuqurlashtirilgan nazoratga yo‘naltiriladi. Qurilma yashirilgan tovar aynan qayerdaligini ko‘rsatadi, shuning uchun inspektorlar avtomobilni to‘liq qismlarga ajratmaydi.
“Avvallari ushbu qurilma mavjud bo‘lmagan. Shu sababli barcha transport vositalari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazilgan. Ushbu qurilmaning o‘rnatilishi natijasida bugungi kunda 95% transport vositalari yengillashtirilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda”, — dedi bojxona xodimi Mehroj Fayzullayev.
Chernyayevka nomi bilan ham tanilgan G‘ishtko‘prik chegara posti 2025-yil 5-fevraldan ta’mirlash uchun yopilgan. Jarayon dastlab to‘rt oy davom etishi kerak edi. Noyabr oyiga kelib O‘zbekiston o‘z hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilishni yakunlagani va Qozog‘iston tomonidan qurilish ishlari yakunlanishini kutayotgani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning sentabrida esa ushbu post 2026-yil oxirida ochilishi aytildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston yuklamani kamaytirish uchun ikkita chegara o‘tkazish punktini tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazishga kelishib oldi.
Avvalroq Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi yuk mashinalari navbati normal holat ekanini aytgani haqida xabar berilgandi.





