O‘zbekiston va Belarus 220 tonnalik BelAZ avtosamosvalini ishlab chiqarishga kelishib oldi. Bu haqda 9-iyul kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan tor doiradagi muzokaralarda ma‘lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti 8−9-iyul kunlari Belarusda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Minskdagi Mustaqillik saroyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazildi.

Lukashenko O‘zbekiston Belarusning asosiy o‘nta tashqi hamkoridan biri ekanligini va MDH davlatlari orasida uchinchi o‘rinni egallashini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ilgari tomonlar $1 mlrdlik tovar ayirboshlashga erishishni maqsad qilgan bo‘lsa, endilikda 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish ko‘zlangan.

Belarus prezidenti, shuningdek, bu galgi muzokaralar ko‘p jihatdan ramziy ahamiyatga ega bo‘lganini, asosiy ishlar ulardan avvalroq bajarilganini ta‘kidladi. “Ishbilarmon doiralar vakillari uchrashdi, ko‘plab kompaniyalar bir qancha masalalarda kelishib oldi”, — dedi u.

Muzokaralarda mashinasozlikka alohida e‘tibor qaratildi. Lukashenkoning ma‘lum qilishicha, tomonlar 130 tonnalik BelAZ‘ni birgalikda ishlab chiqarishni allaqachon o‘zlashtirgan va yana-da oldinga siljishga tayyor.

“Biz sizning mamlakatingizda 130 tonnalik BelAZ‘ni qo‘shma tarzda ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik. 220 tonnaligini ishlab chiqarishga o‘tishga tayyormiz. Bu yo‘nalishda harakat qilish kerak. Agar O‘zbekiston tomonidan hozirgidek qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, biz buni juda tez amalga oshiramiz. Traktorsozlik bo‘yicha kecha siz aytganingizdek, yiliga 3 mingtagacha (O‘zbekistondagi qo‘shma korxonada — tahr.) yetkazishimiz mumkin. Biz servis xizmatini ta‘minlaymiz. Umuman, butun mashinasozlik majmuasi bo‘yicha ishlarni uyalib qolmaydigan darajada bajaramiz”, — dedi u.

aleksandr lukashenko, belarus, belaz, ishlab chiqarish, prezident, shavkat mirziyoyev

Qishloq xo‘jaligi sohasida Lukashenko mahsulot yetkazib berishni ham, qo‘shma ishlab chiqarishlarni ham, xususan, parranda go‘shti va sutni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Gumanitar sohada u sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va ta‘limdagi hamkorlik istiqbollarini qayd etdi, shuningdek, Minskda O‘zbekiston san‘at ustalari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuv davom etayotganini qo‘shimcha qildi. Lukashenko qo‘shma loyihalar O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ham ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, Minskda O‘zbekiston Savdo uyi ochilgani haqida yozgandi.