Belarusning Minsk shahrida 8-iyul kuni O‘zbekiston Savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, mazkur tadbir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat palatalari hamkorligida tashkil etildi.

Savdo uyi Minsk shahri, G‘oliblar prospekti, 63V manzilida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 261,3 kv metrni tashkil etadi.

Bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar doimiy ravishda namoyish etiladi va Belarus bozoriga ulgurji narxlarda taklif etiladi.

Ochilish marosimi so‘zga chiqqan SSP raisi Davron Vahobov Savdo uyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika, uy-ro‘zg‘or buyumlari, to‘qimachilik va boshqa eksportbop mahsulotlar namoyish etilayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, u ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrdga yaqinlashganini, davlat rahbarlari esa bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish vazifasini belgilaganini qayd etdi.

“Yangi Savdo uyi milliy mahsulotlarni Belarus bozorida keng targ‘ib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo imkoniyatlarini yaratish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Joriy yilning yanvarida Davron Vahobov Belarus SSP raisi Mixail Myatlikov bilan uchrashuv o‘tkazgandi va undi Savdo uyi ochilishi masalasi ko‘rib chiqilgandi.

Spot, avvalroq, Halabda O‘zbekiston-Suriya Savdo uyi va distributsiya markazi ochilgani haqida yozgandi.