Suriyaning Halab shahrida 21-may kuni O‘zbekiston-Suriya Savdo uyi va distributsiya markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur Savdo uyi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Ahmad Kalash kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu markaz o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini Suriya bozoriga olib chiqish hamda logistika va distributsiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.





Palata maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistondan Halabga transport yo‘nalishida bitta konteynerni yetkazish taxminan 10 kun davom etadi. Narxi esa o‘rtacha $2,5 mingni tashkil etmoqda.
Markaz orqali Made in Uzbekistan brendi ostidagi mahsulotlarni Suriya bozorida keng targ‘ib qilish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish va yangi eksport yo‘nalishlarini shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Davron Vahobov 2025-yil oxirida O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq va Suriyaga eksport qilish uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘lishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar 2026-yildayoq Suriya bozoriga qiymati $100−150 mlnlik mahsulot, birinchi navbatda, avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari, oziq-ovqat hamda elektrotexnika yetkazib berishi mumkin.
Bir oy avval — noyabr oyi oxirida — Shavkat Mirziyoyev Iroq, Suriya va Afg‘onistonga eksport hajmini oshirish chora-tadbirlarini ma‘lum qilgandi. Avtomobillar, elektr jihozlari, to‘qimachilik va O‘zbekistonning boshqa eksportbop mahsulotlariga talab bor bozorlarni o‘zlashtirish muhimligi ta‘kidlandi.
Iroqda biznes aloqalarini o‘rnatish uchun 2026-yildan Savdo-sanoat palatasining uch nafar, Suriyada esa ikki nafar maslahatchisi ish boshlaydi. Shuningdek, Samarqandda 100 nafar yetakchi tadbirkor ishtirokida O‘zbekiston-Iroq biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi nazorati yagona tizimga o‘tkazilishi haqida yozagndi.




