Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat boshqaruvi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan sohaga masʼul idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvi tashkil etiladi.
Daladan dasturxongacha tamoyili asosida xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimi joriy etiladi.
Amaldagi sanitariya qoidalari Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH), O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtiriladi.
Farmonga muvofiq, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi.
2027-yildan xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash sohasidagi funksiyalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etiladi.
Mart oyida Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi va ekspert guruhlarining navbatdagi yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qiluvchi yagona qo‘mita tashkil etilishi haqida so‘z borgandi.
13-may kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda uchta idora negizida barcha nazorat jarayonlarini birlashtiradigan Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilishi taʼkidlangan edi.
Shu kuni Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga rais bo‘ldi.
Shuningdek, Mikrokreditbank raisi Orif Butayev qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari — Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Afg‘onistondan yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka import qilishi haqida yozgandi.