Prezident qarori bilan Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Urunov mazkur lavozimda o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, u bir vaqtning o‘zida davlat rahbarining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili bo‘lib ham ish olib boradi.
Shu bilan birga, Elyor Talaboyev qo‘mita raisining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
U Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Furkat Jalilov esa qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Mart oyida Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi va ekspert guruhlarining navbatdagi yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qiluvchi yagona qo‘mita tashkil etilishi haqida so‘z borgandi.
Azizbek Urunov o‘tgan yilning iyulida prezidentning JSTdagi vakili etib qayta tayinlangan edi.
Joriy yilning fevralida Spot Azizbek Urunov bilan intervyu uyushtirgan edi. Unda Urunov O‘zbekiston nima sababdan tashkilotga a‘zo bo‘layotgani, jarayon qaysi bosqichda ekani hamda JST a‘zoligidan o‘zbekistonliklar nimalarni kutishi mumkinligi haqida so‘zlab bergandi.
Spot, avvalroq, prezident O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.