Shavkat Mirziyoyev 6-may O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
O‘tgan yilda O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni doirasida ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi.
Xususan, tashkilotga aʼzo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazildi. Ularda 200 dan ortiq savollarga javoblar, 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar JST aʼzolariga taqdim etildi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borildi. 2025-yilning o‘zida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, bunday davlatlarning umumiy soni 33 taga yetdi.
JST aʼzolari tomonidan O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy eʼtirof etilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST va xalqaro meʼyorlariga uyg‘unlashtirildi.
Jumladan, JST qoidalariga uyg‘unlashtirish doirasida intellektual mulkni ro‘yxatga olish jarayonlari soddalashtirilib, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi va shaffof mexanizmga ega eksport bojlari joriy etildi, ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilingani taʼkidlandi.
Shuningdek, savdodagi texnik to‘siqlar, sanitariya va fitosanitariya sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning byurokratik tartibi o‘rniga sertifikatlashtirish joriy etildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga o‘tkazildi va 14 ta oziq-ovqat texnik reglamenti bekor qilindi, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari tugatildi va ro‘yxat 27% ga qisqartirildi.



Taqdimotda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari to‘g‘risidagi yangi qonunlarni qabul qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohasiga xavfni tahlil qilish, kuzatuvchanlik hamda ilmiy asoslanganlik tartibotlarini joriy etish holati ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari joriy yilda O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli aʼzoligini rasmiylashtirish bo‘yicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga to‘liq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, JSTga aʼzo bo‘lish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash hamda aʼzolikni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Avvalroq Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunov xomashyo eksportchilari bojlar joriy etilishidan norozi ekanligi haqida aytgandi.


