O‘zbekistonda xomashyo eksportiga bojlar joriy etilgani ko‘plab eksportchilar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda prezidentning Jahon savdo tashkiloti (JST) bo‘yicha vakili Azizbek Urunov LinkedIn’da yozdi.

Shu hafta Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya bosh vaziri Andrey Babish jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekiston tomonidan xomashyoga eksport bojlari joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, bu chora uni ichki qayta ishlashni rag‘batlantiradi va mamlakat hududida qo‘shilgan qiymatni oshiradi.

“Men ko‘plab xomashyo eksportchilari bu choradan norozi ekanligini payqadim, ammo ular ishlab chiqarishni rivojlantirish va mamlakatdan tashqarida emas, balki mamlakat ichida qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni tushunishlari va hurmat qilishlari kerak”, — dedi Azizbek Urunov.

2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda 86 turdagi tovarlarga eksport bojxona bojlari amal qiladi. Jumladan, ularga charm xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlar, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mahsulotlari kiradi. Bungacha ularning eksportiga tarmoq uyushmalari tomonidan yig‘imlar solinar edi.

Bundan tashqari, go‘sht, bug‘doy, guruch, mineral o‘g‘itlar, polietilen (PET) chiqindilari, rangli metall parchalari uchun eksport bojlari joriy etildi. Shu bilan birga, ularni olib chiqish uchun prezident yoki hukumatdan ruxsat olish talabi bekor qilindi.

Bojlar, shuningdek, mahalliy qayta ishlash sanoatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat ichida ishlab chiqarilgan strategik xomashyodan ham undiriladi. Gap quyidagi mahsulotlar haqida ketmoqda:

  • tabiiy gaz;
  • paxta tolasi va lint;
  • polietilen;
  • polipropilen;
  • polistirol;
  • polietilentereftalat;
  • PVX;
  • mis xomashyosi;
  • ba’zi o‘g‘itlar.

Fevral oyi boshida Azizbek Urunov Spot’ga katta intervyu berib, unda O‘zbekiston nima uchun tashkilotga a’zo bo‘layotgani, jarayon qaysi bosqichda ekani, iqtisodiyot bilan nima bo‘lishi va o‘zbekistonliklar JSTga a’zo bo‘lishdan nimalarni kutishi haqida gapirib bergandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlarini bekor qilishi haqida yozgan edi.